Oʻzbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasida
2025-02-12 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi rahbariyati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi, “Vatandoshlar” jamgʻarmasi vakillaridan iborat Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Koreya Respublikasida amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi.
Safardan koʻzlangan asosiy maqsad — Janubiy Koreyadagi yurtimiz ayollarining yashash va mehnat sharoitlarini oʻrganish, qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatish.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Gender tengligi va oila ishlari vazirligi, Koreya Ayollarni rivojlantirish instituti, Xotin-qizlar va oilaga koʻmaklashish jamgʻarmasi, Migrant ayollar maslahat markazlari rahbariyati bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan tanishdilar.
Muzokaralarda gender siyosati, migrant ayollar va ularning oila aʼzolari huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish sohasidagi Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining bugungi imkoniyatlari va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Koreya tomoni Oʻzbekistonda xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tengligini ilgari surish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Koreyadagi faoliyati davom etmoqda. Uning doirasida Janubiy Koreya poytaxti va hududlarida oʻzbekistonlik migrantlar va ayollar uchun ularni oʻylantirayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish maqsadida sayyor qabullar boʻlib oʻtadi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati