Qoraqalpogʻistonda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda
2025-02-11 11:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 452 ta mahalla boʻlib, ularning hammasini jinoyatdan holi deb boʻlmaydi. Shu bois, davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qarori asosida mazkur hududda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda boʻlib, masʼullar, sektor rahbarlari va “mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning asl omillarini aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlum boʻlishicha, oʻtgan yil yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida jinoyat sodir etish holatlari koʻpaygan. Shundan oʻgʻirlik, firibgarlik, badanga shikast yetkazish va boshqa turdagi oldi olinishi mumkin boʻlgan jinoyatlar salmogʻi yuqorigicha qolgan. Umumiy hisobda 83 ta mahalla kriminogen vaziyati ogʻir hudud sifatida baholangan. Ayni kunlarda akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan shu va jinoyat sodir etilgan boshqa mahallalarda oʻrganishlar olib borilmoqda.
Aytish joizki, shu kungacha 92 ta mahallaning kriminogen vaziyati ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida oʻrganildi. Jinoyatlarning asl omillari bilan birga, ushbu illatga shart-sharoit yaratayotgan “jinoyat oʻchoq”lari aniqlandi.
Akademiya boshligʻi “mahalla yettiligi” aʼzolari bilan muloqoti chogʻida Prezidentimiz qarorining mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtaldi. Yangi tizim asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tizim xodimlariga zarur tavsiyalar berdi.
Muxtasar aytganda, joylarda tashkil qilinayotgan oʻrganishlar davlatimiz rahbari qarorini hududlarga keng tatbiq etish, kriminogen vaziyat bilan bogʻliq muammolarni oʻz joyida hal qilish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida muhim vazifalarni belgilab olish va amalga oshirishda muhim dasturulamal boʻlmoqda. Zero, mahallalar osoyishtaligi yurt tinchligidan dalolat beradi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati