Tergov amaliyotidan. Oʻgʻrining oʻylagani oʻng kelmadi
2025-02-10 23:00:00 / Yangiliklar

Romitan tumani “Tarnaut” mahallasida yashovchi Malohat Olimova (ism-shariflar oʻzgartirildi) bolalari yoshligi bois tuman markazidagi koʻp qavatli uylarning biridan vaqtincha ijaraga xona oldi. Ertasi kuni narsalarini joylashtirayotganda, tilla taqinchoqlari yoʻq ekanligi maʼlum boʻldi. Shunda u shoshganidan unutib qoldirganini anglab, qishloqqa yoʻl oldi.
Malohat darvozaning qulfini ochdi, uyi ham qulf ekan. Koʻngli joyiga tushib, uy atrofini aylanmoqchi boʻldi. Tomorqa tarafiga oʻtganida tuyqus rangi oʻzgardi. Chunki derazalar lang ochiq edi. Shosha-pisha oʻzini ichkariga urdiyu, ayyuhannos soldi. Salkam 28 million soʻmlik har xil turdagi 6 dona tilla taqinchoqlari joyida yoʻq edi. U darhol tuman IIBga murojaat qildi.
Surishtiruv ishlarini tilla taqinchoqlar oldi-sotdisi bilan shugʻullanadigan zargarlardan boshladik, — deydi tuman IIB huzuridagi tergov guruhi katta tergovchisi, mayor Javohir Qodirov. — Jabrlanuvchidan taqinchoqlarning koʻrinishini aniqlashtirib, shu xilidan sotayotganlarni surishtirdik. Urinishlarimiz besamar boʻlmadi. Zargar aynan 6 dona ayollar tilla taqinchogʻini sotib olganini aytdi. Ulardan uch donasi qolgan ekan. Fuqaro M. Olimova esa taqinchoqlar oʻziniki ekanligini aytdi. Shunday qilib, oʻgʻri qoʻlga olindi. U qoʻshni mahallalik D.N. boʻlib chiqdi.
Tergov jarayonida jabrlanuvchiga yetkazilgan 28 million soʻm miqdoridagi moddiy zarar qisman, shuningdek, jinoyat ishi boʻyicha fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilgan S.Malikovga yetkazilgan 5 million soʻm miqdoridagi moddiy zarar ayblanuvchi tomonidan qoplandi.
Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, jinoiy javobgarlikka tortilgan D.N. hozirda pushaymonlik iskanjasida boʻlsa, ajabmas. Negaki, u aynan navqiron yoshida “sudlangan” degan tavqi laʼnat orttirdi.
©️ “Postda” gazetasi, Mirzoqul Ahadov, Buxoro viloyati.