Vazir oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov Jizzax viloyatida aholini muammolarini oʻrgandi
2025-02-10 09:00:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, joriy yilning 4-7-fevral kunlari Respublika ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatida ommaviy sayyor qabullar oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik R.Ashropov tomonidan Jizzax viloyatida aholi muammolari oʻrganilib, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar holati koʻrib chiqilib, amaliy yordam koʻrsatildi.
Mazkur ommaviy sayyor qabullarda Vazir oʻrinbosari R.Ashropov bilan birgalikda Oliy sud, Bosh prokuratura, boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari hamda Jizzax viloyati IIB boshligʻi general-mayor Gʻ.Qodirov ham ishtirok etib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilishdi.
Ommaviy sayyor qabul dastlab Jizzax shahrida, soʻng Doʻstlik, Gʻallaorol va Zomin tumanlarida tashkil etilib, ushbu hududlarga yaqin tumanlarda yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillari bilan muloqot qilindi.
Qabul davomida, fuqarolarning muammolari eshitilib, joyni oʻzida ijobiy hal etildi, ayrim fuqarolarning qoʻshimcha tekshirish talab etiladigan murojaatlari ijroga qaratilib, masʼullarga topshiriqlar berildi va qonuniy hal etilishi nazoratga olindi.
Qabullar boshqa viloyatlarda ham davom etmoqda.
IIV Tergov departamenti