Probatsiya xizmatining yillik faoliyati sarhisob qilindi
2025-02-09 10:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 8-fevral kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev huzurida Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan 2024-yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar xususida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda Probatsiya boshqarmasi masʼullari, viloyatlardagi jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari, hududiy probatsiya boshqarmasi (boʻlim) boshliqlari, shuningdek, tuman-shahar probatsiya boʻlinmalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastavval, Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Sharof Uralov tomonidan hisobot maʼruzasi oʻqib eshittirilib, oʻtgan yil davomida amalga oshirilgan ijobiy ishlar barobarida, ayrim hududlarda nazorat ostidagi shaxslarning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish, ularga tayinlangan jazolarning ijrosini taʼminlash va nazorat qilib borish, ular tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan ayrim rahbar va xodimlarga nisbatan tegishli tartibda ogohlantirishlar berib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan zaruriy chora-tadbirlar yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
Yigʻilish yakunida general-mayor Bekmurod Abdullayev tomonidan probatsiya faoliyatini samarali tashkil etishda ijobiy natijalarga erishgan bir guruh xodimlar Vazirlik kubogi hamda pul mukofotlari bilan munosib ragʻbatlantirildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati