Buyuk siymolar merosi – millatimiz xazinasi: IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy tadbir oʻtkazildi
2025-02-07 13:30:00 / Yangiliklar
![Buyuk siymolar merosi – millatimiz xazinasi: IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy tadbir oʻtkazildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F43cf0c57-f6fc-24bc-d25d-b933306cfef7_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi ichki ishlar organlarining tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, taʼlim muassasalari va harbiy qismlarda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542-yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy kechalar, suhbat va uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Kuni kecha Ichki ishlar vazirligining 2-sonli Toshkent akademik litseyida “Buyuk siymolar” mavzusida oʻtkazilgan tadbir ham aynan ikki buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodiga bagʻishlandi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar buyuk ajdodlarimizning maʼnaviy merosi, asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar oradan besh yuz yildan koʻp vaqt oʻtgan boʻlsada, hamon insonlarni ezgulikka chorlab kelayotganligini eʼtirof etdilar.
Iqtidorli oʻquvchilar tomonidan namoyish etilgan sahna koʻrinishlari, kuy-qoʻshiqlar, ayniqsa Navoiy va Bobur gʻazal va ruboiylaridan oʻqilgan namunalar tadbir ishtirokchilariga birday manzur boʻldi.
Uchrashuvda IIV Akademiyasi oʻqituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Gulnoza Axmedova soʻz olib Navoiy va Bobur asarlarining yoshlar tarbiyasi, ularni barkamol insonlar sifatida kamol topishlaridagi ahamiyati haqida gapirdi.
Isteʼfodagi polkovnik, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Zikrillo Neʼmat ijodkor yoshlarga oʻzining yangi kitoblaridan sovgʻa qilib, Navoiy gʻazallariga bogʻlagan muxammaslaridan oʻqib berdi.
Tadbirda Vazirlik Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Umidbek Nurullayev va Ichki ishlar vazirining maslahatchisi podpolkovnik Xurshidbek Roʻziyevlar soʻzga chiqib, asosiy vazifa – buyuk mutafakkirlarning umrboqiy gʻoyalaridan, xayrli ishlaridan ibrat olish va uni hayotimizning mazmuniga aylantirishdan iborat ekanligini alohida taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh oʻquvchi yoshlar podpolkovnik X.Roʻziyev va polkovnik U.Nurullayevlar tomonidan kitoblar toʻplamlari bilan taqdirlandi. Bu kabi maʼnaviy tadbirlar shu kunlarda Ichki ishlar organlarining turli idora va tizimlarida ham boʻlib oʻtmoqda.
IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti