Endilikda Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan kriminogen vaziyati ogʻir hududlar ilmiy asosda tadqiq etiladi
2025-02-05 13:20:00 / Yangiliklar
![Endilikda Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan kriminogen vaziyati ogʻir hududlar ilmiy asosda tadqiq etiladi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fda202f39-9fa2-17be-00fa-4de6203a48e9_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 3-yanvar kuni tasdiqlangan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli oʻrganishlarni oʻtkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan asl omillarni aniqlash va barham berish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarini koʻrish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Mazkur topshiriq ijrosini toʻliq va sifatli taʼminlash maqsadida, Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) bilan hamkorlikda 1992 – 2024-yillarda respublikamizda himoya qilingan barcha dissertatsiyalar tahlil qilinganida, “12.00.15 – Kriminologiya”,“12.00.14 – Huquqbuzarliklar profilaktikasi . Jamoat xavfsizligini taʼminlash. Probatsiya faoliyati” va “12.00.08 –Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi” ixtisosliklari doirasida jami 370 ta ilmiy ishlar oliy taʼlim hamda tadqiqot muassasalarida himoya qilinganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, ilmiy-amaliy tahlillar natijasiga koʻra, hozirga qadar tadqiqotchilar tomonidan bevosita hududlar kesimida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha muayyan viloyat, tuman-shahar va mahallalar kesimida bironta ilmiy tadqiqot ishlari oʻtkazilmaganligi, oqibatda hududlarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olishning ilmiy mexanizmlari ishlab chiqilmaganligi maʼlum boʻldi. Shu sababli Kriminologiya tadqiqot institutining tashabbusi bilan ilk marotaba respublika hududlarida chuqur tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida OAK bilan kelishgan holda 14 ta viloyat, 208 ta tuman va shahar shuningdek 278 ta MFY hamda kriminogen vaziyati ogʻir, muntazam ravishda qizil toifadan chiqa olmayotgan hududlarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish va xavfsiz hududni yaratishga xizmat qiladigan dissertatsiya mavzulari roʻyxati shakllantirildi. Endilikda esa bu borada ilmiy izlanishlarni olib borish yoʻlga qoʻyilmoqda. Aytib oʻtish joizki, izlanishlar natijasida hududlar kesimida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish rejalashtirilgan.
IIV Kriminologiya tadqiqot instituti