Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining huquqiy va kasbiy bilim koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan sayyor oʻquv seminar mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda
2025-01-30 12:25:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyatida profilaktika inspektorlarining huquqiy va kasbiy bilimlarini oshirishga qaratilgan sayyor oʻquv seminarlar oʻtkazilmoqda. Ushbu seminarlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va ichki ishlar organlarining yangi kadr tayyorlash tizimiga muvofiq tashkil etilgan. Oʻquv kurslari viloyat huquq-tartibot idoralari, oliy taʼlim muassasalari va ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilmoqda.
Seminarlarda xodimlarga huquqiy asoslar, jinoyatlarni tergovga qadar tekshirish tartiblari va huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunlar tushuntirilmoqda. Shuningdek, yangi qonunlardagi oʻzgarishlar, himoya orderi rasmiylashtirish, spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslarni davolash va boshqa masalalar muhokama qilinmoqda.
Seminarlarda ichki ishlar organlari va jamoatchilikning oʻzaro hamkorligi, xizmatni ochiq olib borish, axborot tarqatishdagi huquq va majburiyatlar haqida maʼlumot berilmoqda. Shu bilan birga, xodimlarga videoroliklar orqali qoʻllanmalarning ahamiyati tushuntirilmoqda.
Oʻquv mashgʻulotlari yakunida test imtihonlari oʻtkazilib, xodimlarning bilimlari sinovdan oʻtkaziladi. Seminarlar tasdiqlangan reja asosida davom etmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati