Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatida mavjud “qizil” toifadagi mahallalarni oʻrgandi
2025-01-29 15:15:00 / Yangiliklar

Qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan ishchi guruh tomonidan Bulungʻur tumanining “Guliston” mahallasida tuman sektor rahbarlari, mahalla yettiligi va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari ishtirokida hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
“Guliston” mahallasida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan ish toʻgʻri tashkil etilmagani, bunda mahalla yettiligi, tuman 3-sektor rahbari hamda hududga biriktirilgan masʼullarning ishlari qoniqarsiz ekanligi, natijada mahalla “qizil” toifaga tushib qolganligi keskin tanqid qilindi. Mahallani qisqa fursatlarda “qizil” toifadan chiqarish uchun barcha kerakli choralarni koʻrish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tumanda “qizil” toifada boʻlgan 7 ta mahallaga rahbarlar biriktirildi. Shuningdek, koʻchalarga 130 ta kuzatuv hamda 50 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi video kuzatuv moslamalari oʻrnatish, tumandagi mavjud bozorlar hududini toʻliq kameralar bilan taʼminlash, tadbirkorlik va savdo shoxobchalarini qoʻriqlovga olish hamda tuman hududida mavjud boʻlgan koʻp qavatli uylarning kirish eshiklariga zamonaviy domofonlar oʻrnatish masʼullar zimmasiga yuklandi.
1-chorak davomida tuman hududida “Namunali xavfsiz koʻcha” va “Namunali xavfsiz yoʻlak”larni tashkil qilish, videokameralar oʻrnatish hamda vaziyatni nazorat qilish borasida masʼullarga qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida ishchi guruh Jomboy tumanining “Zarafshon” mahallasida boʻlib, ushbu mahallani “qizil” toifadan chiqarish yuzasidan manzilli ishlarni tashkil etish belgilandi. Tuman hokimining “yoʻl xaritasi” asosida mahalla hududida 9 ta avtoraqamlarni tanib oladigan va 16 ta yuzni tanib oluvchi kameralar oʻrnatish taklif etildi, shuningdek, tumanning “Katta qishloq” mahallasida 5 mahallani birlashtiradigan huquq-tartibot maskani qurilishi ham rejalashtirildi.
Jomboy tumani tajribasi misolida Milliy Gvardiya inspektor-psixolog xodimi tomonidan Maktab va maktabgacha taʼlim boshqarmasi masʼullari bilan hamkorlikda “Xavfsiz bola” mavzusida tuman miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarning taqdimoti oʻtkazildi. Jarayonda tumandagi mavjud 56 ta umumtaʼlim maktablarida “Xavfsiz bola – xavfsiz maktab” yoʻnalishida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Ishchi guruhi aʼzolarining Samarqand viloyatidagi shahar va tumanlarda qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlari izchillik bilan davom etmoqda.