Navoiy viloyati IIBda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov rahbarligida 2024-yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi
2025-01-23 12:10:00 / Yangiliklar
Oʻtgan davr mobaynida viloyat hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor B.Yu.Mirzarahimov, viloyat IIB boshligʻi polkovnik A.D.Tasbayev, boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat hamda shahar-tuman IIB rahbarlari ishtirok etishdilar.
Tadbir avvalida viloyat IIB boshligʻi soʻz olib, kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi. Soʻng viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan hududlar, jinoyatchilikni jilovlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyib, jinoyatni oʻsishiga sharoit yaratib bergan omillar hamda bu borada ichki ishlar boʻlimlari va sohaviy xizmatlarning faoliyatlari tahlil qilindi.
Navoiy va Zarafshon shahri hamda Karmana tumanida jinoyat va huquqbuzarliklar, yoʻl-transport hodisalari birmunchaga oshganligiga alohida toʻxtalib oʻtildi hamda ushbu holatlarning oldini olishda profilaktik ishlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ayrim rahbar va xodimlarning faoliyati tanqid ostiga olinib, kelgusida jinoyatchilikni oldini olish, jilovlash va fosh etish, fuqarolar tinchligi, osoyishtaligini taʼminlash borasida chora-tadbirlar belgilab, zarur topshiriqlar berildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi