Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligida prokuratura, milliy gvardiya hamda hamkor tashkilotlarning masʼullari ishtirokidagi ishchi guruhning Qashqadaryo viloyatida oʻrganishlari davom etmoqda
2025-01-22 21:30:00 / Yangiliklar
Qaror talablarini amaliyotga tatbiq etish jarayoni Kitob tumanidan boshlandi. Viloyat va tuman sektorlar rahbarlari, mutasaddi idoralar hamda “qizil” toifadagi “Paxtaobod” mahallasi yettiligiga maʼmuriy hududda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tanishtirildi.
Kitob tumanidagi “Qaynar” mahallasida ishchi guruh aʼzolari mahalla guzarida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdilar. Jarayonda Qaynar yoshlar markazida, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar, kitobxonlik va mutolaasi uchun kutubxona, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash borasida sportning shaxmat-shashka, boks toʻgaragida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Olti mingdan ortiq aholi yashaydigan maskanda kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, alohida toifadagi shaxslar bilan manzilli tadbirlarni olib borish hamda raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish borasida mahalla yettiligiga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Tegishli yoʻnalishlar boʻyicha aniq majburiyatlar yuklandi.
Tadbir davomida ishchi guruh viloyatning turistik markazi hisoblangan Shahrisabz shahrida boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tadbirkorlik va obodonchilik ishlari oʻrganildi.
Shahrisabz shahar Yoshlar markazida yoshlarga hunar oʻrgatishga moslashtirilgan ipak toʻqish, til oʻrgatish, media markaz faoliyati oʻrganilib, bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish borasida masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shu joyda tuman sektorlar rahbarlari, “qizil” toifada qolayotgan “Kesh”, “Kulollik” hamda “Pillakashlik” mahallalari yettiligi bilan kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni oldini olish borasidagi vaziyat tahlil etilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan aniq manzilli tadbirlar belgilandi.
Shahrisabz tumanida boʻlgan ishchi guruh Yoshlar markazida tuman sektor rahbarlari, “qizil” toifada qolayotgan “Polmon” va “Chorshanbe” mahallalari yettiligi, aloqador tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazib, qaror talablaridan kelib chiqqan holda mahalla mutasaddilarining aniq vazifalari belgilab berildi.
Tadbir jarayonida mahallalarda, kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi idoralar, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylarni jalb etgan holda mahalla-tuman- viloyat miqyosida ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi asosida faoliyat olib borish lozimligi tushuntirildi.
Ishchi guruhning oʻrganishlari davom etmoqda.