Yaqin tarix sahifalarida. Sabr va matonat mevasi
2025-01-22 23:00:00 / Yangiliklar
Polkovnik Yoqub Mahamadjonovda ichki ishlar organlari xodimiga xos xarakter va salobat bor. U bilan muloqot qilgan inson borki, barchasi iliq taassurot va xush kayfiyat bilan xayrlashardi. Zero, xalq ishonchini qozonib, uning qalbidan joy egallash ham osoyishtalik posbonlarining eng muhim xususiyatlaridan biridir.
Oʻzida ana shunday ijobiy fazilatlarni mujassam etgan Yo. Mahamadjonov 1937-yilning 17-iyunida Toshkent viloyatining Kalinin (hozirgi Zangiota) tumanida tugʻilgan. Avvaliga Toshkent oʻrta maxsus militsiya maktabini, keyinchalik sobiq Ittifoq IIV Akademiyasini tamomlagan qahramonimiz ilk xizmat faoliyatini Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani militsiya boʻlimida tezkor vakil lavozimida boshlagan, keyinchalik Yangiyer shahar militsiya boʻlimida va viloyat JTSB Jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi lavozimida davom ettirgan.
Yo.Mahamadjonov Sirdaryo viloyatidagi uzoq yillik faoliyatidan soʻng Toshkent viloyatining Kalinin tumaniga qaytib, u yerda ham IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi sifatida oʻz sohasining yetuk bilimdoniga aylandi. Kalinin tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, Yuqorichirchiq tumani IIB boshligʻi vazifasini bajaruvchi hamda viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari — kadrlar boʻlimi boshligʻi lavozimlariga munosib koʻrildi. Olti yil davomida Namangan viloyati IIB boshligʻi lavozimida xizmat qilib, aholi tinchlik-xavfsizligini taʼminlashga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshdi.
1984-yilda yana Toshkent viloyatiga qaytib, Ohangaron tumani IIB boshligʻi lavozimida xizmat faoliyatini davom ettirayotgan Yoqub Mahamadjonov 1986-yilda Gdlyan va Ivanovlar boshchiligidagi guruh tomonidan hibsga olinadi. Turli yolgʻon va boʻhtonlarga uchrab, soxta ayblar bilan qamalgan adolatli qonun himoyachisining haqiqatni yuzaga chiqarish uchun qilgan barcha urinishlari besamar ketadi. Lavhamiz qahramoni oʻsha mashʼum kunlarni chuqur xoʻrsinish bilan shunday xotirlaydi:
- «Bahorning yoqimli va farahbaxsh kunlaridan biri edi. Erta tongda Ohangarondagi xizmat uyimdan har kungidek tuman aholisining osoyishtaligini bilish maqsadida IIB Navbatchilik qismiga qoʻngʻiroq qilsam, negadir telefon ishlamadi. Aloqadagi nosozlik deb oʻyladim. Soʻngra nonushta qilib, ishxonaga bordim. Kirishim bilan navbatchilik qismi boshligʻi oldimga kelib, hamma joyda tinchlik-xotirjamlik hukm surayotganligi haqida axborot berdi.
Bu yerdagi telefonni tekshirib koʻrsam ishlayapti. Hayron boʻlgancha xizmat xonamga yoʻl oldim. Endigina kirib, qoʻlimdagi buyumlarni stol ustiga qoʻyayotgan edim, eshik ochilib, 8 nafar fuqarolik kiyimidagi shaxslar xonamga kirib keldi.
Oʻzlarini prokuratura xodimlari, deb tanishtirgan bu kimsalar mening ustimdan ariza tushganligi va poraxoʻrlikda gumonlanayotganligim sababli ular bilan borishimni aytishdi. Borganimdan soʻng tizimdagi baʼzi rahbarlarga qarshi koʻrsatma berishimni, yoʻqsa, oʻzimning qamalib ketishimni aytib, tahdid qilishdi. Lekin men ularning yoʻrigʻiga yurmadim.
Shundan soʻng olti oy davomida tergov qilib, tayinli aybni boʻynimga qoʻya olmagach, qoʻl ostimda ishlaydigan bir nechta xodimni qoʻrqitib, uyimga arzimagan miqdorda yegulik va ichimliklar olib borgani haqida yolgʻon koʻrsatmalar olishibdi.
Shu tariqa, meni Moskvaga olib ketib, harbiy sud tomonidan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqarildi. U yerdagi qamoqxonada boshimdan oʻtkazgan azoblarni til bilan tasvirlash mushkul.
Ana shunday qiyinchiliklar bilan oradan 5-yilu 6 oy vaqt oʻtgach, mamlakatimiz mustaqillikka erishdi. Shu bois davlatimiz rahbariyati va oʻsha paytdagi Ichki ishlar vaziri, hozirda vazir maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovning saʼy-harakatlari bilan men kabi koʻplab nohaq tuhmat bilan qamalganlar yurtimizga qaytarilib, Oliy sudning qarori bilan oqlanish sharafiga muyassar boʻldik. Buning uchun barcha qatori men ham davlatimiz va hukumatimiz rahbariyatidan bir umr minnatdorman.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida Mahamadjonovlar sulolasining oʻziga xos oʻrni bor. Chunki Yo.Mahamadjonovning akasi Tursunboy va ukasi Ahmadjonlar ham sohaning turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib, xalq osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshishgan.
Ularning har ikkisi ham podpolkovnik unvonida izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatilgan. Tursunboy akaning toʻngʻich oʻgʻli Komiljon yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida faoliyat yuritib, oʻz vazifasini sidqidildan bajarayotgan paytida baxtsiz hodisa tufayli hayotdan koʻz yumgan.
Kenja oʻgʻli kapitan Qobiljon Mahamadjonov esa tajribali izquvarlardan boʻlib, afsuski, ogʻir xastalik uni ham oramizdan bevaqt olib ketdi. Bugungi kunda sulolaning davomchisi sanalmish Ahmadjon Daminovning oʻgʻli podpolkovnik Bunyodjon Mahamadjonov Milliy gvardiyaning Toshkent viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimida astoydil xizmat qilib, 18-yildan buyon yurtimiz tinchlik-xotirjamligiga kamarbasta boʻlib kelmoqda.
Ana shunday fidoyi va jasur, yurt osoyishtaligi yoʻlida jonini ham baxshida etadigan insonlarning farzandi ekanligimdan behad faxrlanaman, — deydi podpolkovnik Bunyodjon Mahamadjonov. — Amakim Yoqubjon Mahamadjonovdan sohaga oid koʻplab bilim va tajribalarni oʻrganib, hayotiy nasihatlariga amal qilib kelaman.
Yo.Mahamadjonovning turmush oʻrtogʻi Dilbar Aminova ham Toshkent viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi shifokori boʻlib, xodimlar salomatligi yoʻlida xizmat qilgan. Ular 4 nafar farzandni tarbiyalab, oliy maʼlumotli mutaxassislar sifatida kamolga yetkazishdi.
Otam tarbiyamizga qattiq turar, har kuni ertalab darslarga tayyorgarligimizni tekshirib, maktabdagi xulqimizni ham nazorat qilardi, — deydi qahramonimizning oʻgʻli Shuhrat Mahamadjonov. — Shu bois barchamiz jamiyatda oʻrnimizni topib, xalqimiz farovonligi yoʻlida halol mehnat qilib kelyapmiz. Buning uchun, birinchi navbatda, padari buzrukvorimizdan behad mamnunmiz.
Bugungi kunda 16 ta nevara va 30 ga yaqin chevara qurshovidagi bu insonlar oʻzlarini dunyodagi eng baxtli oilaning ustunlari, deb bilishadi.
©️ “Postda” gazetasi, Mixli Safarov.