Ozarbayjon Respublikasi fuqarolaridan noqonuniy ravishda pul talab qilib kelgan chet ellik shaxslardan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi
2025-01-22 10:00:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan yurtimiz hududida tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelayotgan Ozarbayjon Respublikasi fuqarolaridan noqonuniy ravishda pul talab qilib kelgan chet ellik shaxslardan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi
1983-yilda Ozarbayjon davlatida tugʻilgan shaxs akasi bilan birga Bektemir tumanida joylashgan bozorda sitrus mevalarning savdosi bilan shugʻullanib kelgan.
Ushbu shaxs joriy yilning 10-yanvar kuni, IIV Tezkor qidiruv departamentiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi boʻlgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, bilan 2024-yilning noyabr oylarida vaqtincha yashash uyida mehmondorchilik qilayotgan vaqtida ular orasida tushunmovchilik kelib chiqqanligini maʼlum qilgan.
Shundan soʻng, jinoiy guruh vakili jabrlanuvchiga nojoʻya soʻzlar bilan haqorat qilganligini bahona qilib, 2024-yil 15-dekabr kuni oʻzining jinoiy sherigi, 1974-yilda Ozarbayjon davlatida tugʻilgan, muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsni Toshkent shahriga chaqirtirgan.
Uning yordamida jabrlanuvchiga tazyiq oʻtkazib, shaʼniga aytilgan gaplar uchun javob berishi lozimligini va tovlamachilik yoʻli bilan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan. Shundan 1 ming 500 AQSH dollarini 15-dekabr kuni olib ketgan boʻlsada, yana 3 ming 500 AQSH dollarini talab qilib kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan 2025-yilning 10-yanvar kuni, Mirobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, gumonlanuvchilar tovlamachilik yoʻli bilan talab qilib kelayotgan, 3 ming 500 AQSH dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qism “v”-bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 3 nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksning 227-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Tezkor qidiruv departamenti Axborot xizmati