Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida oʻz faoliyatini boshladi
2025-01-21 21:25:00 / Yangiliklar
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida hamkor davlat organlari va tashkilotlar masʼullari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda mazkur qarorining mazmun mohiyatini ijro organlarining barcha boʻgʻinlariga yetkazish, interfaol metodlardan foydalangan holda uning samaradorligini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Qaror talablaridan kelib chiqib, viloyatning har bir tuman va mahallalariga ichki ishlar organlari, prokuratura, Milliy gvardiya, hokimiyat hamda aloqador tashkilotlarning masʼullari biriktirildi.
Shuningdek, Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlarga erishish, Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini oʻz vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab boʻlayotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida samarali chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati haqida masʼullar tomonidan ishtirokchilarga tushuntirishlar berildi.
Oʻtgan yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilagan holda mahalla-tuman-viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita masʼul rahbarlarni biriktirish va aniq sohaviy javobgarlikni yuklash, ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli oʻrganishlarni oʻtkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan asl omillarni aniqlash va barham berish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq masʼuliyatini belgilandi.
Kelgusida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishning samarali tizimini shakllantirish maqsadida “E-ijtimoiy profilaktika”, “E-maʼmuriy ish” axborot tizimlarini amaliyotga keng jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
IIV Axborot xizmati