Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov huzurida Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti tomonidan oʻtgan 2024-yil yakunida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot yigʻilishi oʻtkazildi
2025-01-21 15:50:00 / Yangiliklar
Dastlab, vaziri oʻrinbosari tomonidan soha xizmatlarida amalga oshirilgan ijobiy ishlar, shu bilan birga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar toʻgʻrisida batafsil axborot berildi.
Boshqarma boshliqlarning axboroti boʻyicha kamchilikka yoʻl qoʻyilgan soha xizmat yoʻnalishlarini keskin tanqid qilib, bunga sababchi boʻlgan xodimlarning oʻtgan davr mobaynidagi faoliyatlari atroflicha muhokama qilindi va tegishli intizomiy taʼsir choralari koʻrish, shuningdek, ijobiy ish koʻrsatkichlariga erishgan xodimlarni esa munosib ragʻbatlantirish haqida aniq topshiriqlar berdi.
Yigʻilishda transport va turizm namoyish obyektlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jamoat hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida aniq belgilangan yoʻl xaritasi boʻyicha ish tashkil etish, ayniqsa profilaktik targʻibot tadbirlarini kuchaytirish, zamonaviy ilgʻor texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, kameralashtirish orqali hududlarni toʻliq qamrovga olish va boshqa masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Shu bilan bir qatorda, boshqarma, boʻlima va boʻlinma rahbarlari qoʻl ostidagi xodimlarning oilaviy sharoiti, ularning muammolaridan doimiy xabardor boʻlish hamda ijtimoiy-kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir etuvchi omillar chuqur tahlillar asosida oʻrganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilash, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom muhitni shakllantirish, oʻtkazilayotgan tarbiyaviy ishlarni jadallashtirish, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish, xizmatga fidoiylik va sadoqat bilan yondashish, ijrochilik, xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilinishini taʼminlash, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yoʻriqnomalar berildi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi