Tuman IIBda. Doʻstlik tumani: Oldinga intilib
2025-01-16 22:00:00 / Yangiliklar
Doʻstlik tumani ichki ishlar boʻlimida shaxsiy tarkibning jismoniy, jangovar hamda kasbiy tayyorgarligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Natijada soha vakillari ishtirok etayotgan koʻrik-tanlov va musobaqalarda ular yuqori natijalarga erishmoqda.
Jumladan, oʻtgan yili “Eng namunali huquq-tartibot maskani” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida profilaktika inspektorlarimiz 3-oʻrinni egallashdi. Bundan tashqari ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida tashkil qilingan “Zakovat” intellektual oʻyinining viloyat bosqichida tumanimiz jamoasi 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Xuddi shunday, viloyat IIB boshligʻi kubogi uchun oʻtkazilgan futbol musobaqasida tuman IIB jamoasi 1-oʻrinni egalladi.
Profilaktika inspektorlari, katta leytenant-lar Oybek Qorjovov va Joʻrabek Boʻkanov, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati inspektori, katta serjant Dilshod Qarshibekovlar qonunbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ham hamkasblariga ibrat koʻrsatishyapti.
Osoyishtalikni asrayotgan bedorlar
Oʻtgan yil boshida tumanda yuz bergan jinoyatlar tahlil etilib, 7 ta yoʻnalishda tungi patrullik yoʻlga qoʻyildi. Mazkur yoʻnalishlarda tungi xizmatni bajarishda tuman IIB jamoat tartibini saqlash guruhi xodimlariga profilaktika inspektorlari hamda mahalla yoshlari yaqindan yordam berishyapti.
Shuningdek, soha vakillari ov qurollarining saqlanishi va foydalanilishi bilan bogʻliq qonunbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrmoqda. Natijada 11 ta huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirildi, 1 nafar fuqaro esa noqonuniy saqlayotgan ov qurolini topshirdi.
Bundan tashqari, xodimlar tomonidan 11 nafar fuqarodan oʻtkir tigʻli jism-lar hujjatlashtirib olindi.
Tergovchiga oson, deb oʻylamang
Tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi xodimlari tomonidan oʻtgan yilda 78 ta jinoyat ishi yuzasidan dast-labki tergov harakatlari olib borildi. Bugunda mazkur jinoyat ishlarining 68 tasi tamomlanib, ayblov xulosalari sudlarga yuborilgan.
Soha vakillari tomonidan oʻtkazilgan tergov harakatlari davomida jismoniy va yuridik shaxslarga 1 milliard 393 million soʻm ziyon yetkazilgani aniqlanib, ushbu zararning 1 milliard 46 million 650 ming soʻmini undirishga erishilgan.
Katta tergovchi, kapitan Farrux Habibullayev hamda surishtiruvchi, leytenant Doston Abdurasulovlar oldingi safda.
Ezgulik baxsh etayotganlar
“Saritepa” mahallasida istiqomat qiluvchi Jahongir Oʻtayevning turar joyi taʼmirlandi. Gʻafur Gʻulom nomli mahallaning Mingchinor koʻchasidagi koʻp qavatli uylarning 2 ta qozonxonasi yangilandi. “Bunyodkor” mahallasidagi Oʻzbekiston koʻchasiga 200 metrlik ichimlik suvi quvurlari yotqizildi.
Shu kabi ezgu ishlar tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. Binobarin, sektor ishchi guruhi saʼy-harakatlari bilan 12 kilometr yoʻl betonlangan. 125 dona temir-beton ustunlar oʻrnatilib, 1,4 kilometr uzunlikda elektr tarmoqlari tortildi, 2 ta transformator yangilandi.
Xuddi shunday, bandlikni taʼminlash maqsadida sektordagi mahallalar tadbirkorlariga 5 milliard 963 million soʻm miqdorida kredit ajratildi. 142 kishi doimiy ishga joylashtirildi. Ijtimoiy daftarlarga kiritilganlarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ish qurollari bilan taʼminlash hamda ularga tibbiy koʻmak koʻrsatish borasidagi natijalar ham ijobiydir.
Jinoyatni fosh qilishda yordam bergani uchun...
“Qahramon” mahallasida istiqomat qiluvchi Y.B. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, dala maydonida qarovsiz qoldirilgan 5 bosh qoramoli oʻgʻirlanganligini maʼlum qildi. Oʻz navbatida, soha vakillari tomonidan tezkor qidiruv tadbirlari oʻtkazilib, mazkur jinoyat jabrlanuvchining mahalladoshlari J.J. va M.N. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.
Mazkur qonunbuzarlikni fosh etishda fuqaro Ahmadqul Umirov soha vakillariga yaqindan yordam bergan. Shu sababli unga Jizzax viloyati IIB boshligʻining qimmatbaho sovgʻasi topshirildi.
Aytgancha, dastlabki surishtiruv davomida ushlanganlardan biri oʻtgan oyda “Qahramon” mahallasidagi fermer xoʻjaligi dalasidan 3 bosh qoramol oʻgʻirlaganligini tan olgan. Gumon qilinuvchilarning boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligi oʻrganilmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Akmal Parmonov, mayor. Jizzax viloyati.