Ichki ishlar organlari faoliyati. Kasbidan baxt topib
2025-01-13 22:00:00 / Yangiliklar
Oliygohni tamomlab, oʻzi tahsil olgan Termiz shahridagi 9-maktabda psixolog boʻlib ishlayotgan Nuriddin Roʻziqulov ichki ishlar organlarida ishlash niyatida hujjatlarini topshirib, uning javobini intiqlik bilan kutayotgan payt edi.
Bu orada oʻzi ishlayotgan maktabda ham qator tashabbuslarga qoʻl urgani, tirishqoqligi uchun “Eng yaxshi psixolog” deb topilgan qahramonimizga Samarqand viloyati Milliy gvardiya boshqarmasida ishlash taklif etildi.
Toʻrt yil Samarqandda ishladim, — deydi Nuriddin Roʻziqulov. — Yilda bir marta faqat mehnat taʼtili paytida uyga kelib-ketardim. Bu yerdagi xizmat faoliyatim davomida katta tajriba orttirdim va bu inspektorlik faoliyatimda ancha qoʻl keldi.
2022-yil Nuriddinning ichki ishlarda ishlash niyati roʻyobga chiqdi. U Termiz shahridagi “Shifokor” mahallasiga profilaktika inspektori etib tayinlandi.
Biroq Nuriddin xizmat vazifasiga kirishgan paytda mahalla hududi “qizil” toifada edi.
Ishni mahalladagi doimiy roʻyxatda turmaydigan aholi bilan yaqindan tanishishdan boshladi. Ularning xulqini oʻrganib, zararli xulq-atvorga ega shaxslarni aniqlab, ular yashaydigan ijara uy egalari bilan suhbatlashdi.
Hududda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning sabablarini tahlil qilib, ularning oldini olish boʻyicha zarur choralarni koʻrdi.
Inspektorning mahalla yettiligi bilan hamkorligi natijasida 2022-yilning soʻngiga borib, mahalla “yashil” hududga aylandi.
Koʻproq odamlar orasida boʻlish, har kuni mahallaning u boshidan bu boshigacha aylanib, koʻz bilan koʻrib, ishonch hosil qilish kerak, — deydi u. — Hozir ham mahalla hududidagi restoran, aholiga xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining ish vaqti yakuniga yetmaguncha mahalla hududida bolaman.
Xizmat tajribamdan shunga amin boʻldimki, muammoni idorada oʻtirib hal qilib boʻlmas ekan. Xalq orasida yursangiz, aholining ishonchi ortadi, koʻzlagan natijaga ham erishasiz.
“Shifokor” mahallasida 4177 nafar aholi istiqomat qiladi. Profilaktika katta inspektori doimiy ravishda “xonadonbay” suhbatlar oʻtkazib, mahalladagi 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlganlarni barini yaxshi tanib olgan.
Ammo nizoli oilalardagi janjallarni koʻrib, koʻngli xira tortadi. Ularni bartaraf qilish uchun esa nizoli oilalarga ham moddiy, ham maʼnaviy koʻmak berishga shoshiladi.
Boqimandalik kayfiyatidagi odamlar bilan koʻproq suhbatlar oʻtkazib, ularni mehnat qilishga undaydi. Ushbu saʼy-harakatlar natijasi olaroq, mahalladagi 10 ta nizoli oilaning 8 tasi yarashtirildi.
Nuriddin Roʻziqulov oʻz kasbidan baxt topib, fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan xodimlardan. Oilali, turmush oʻrtogʻi Sevara Xolmurodova bilan uch nafar farzandni bekamu koʻst tarbiyalamoqda.
Baʼzan mahalladagi xonadonlarni koʻzdan kechirganda kichik yoshli oʻgʻli unga hamrohlik qiladi. Farzandlarining tarbiyasiga, ularni boʻsh vaqtlarida fan mashgʻulotlari, sport bilan shugʻullanishlariga alohida eʼtibor qaratadi.
©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova, Surxondaryo viloyati.