Soha fidoyisi. Maqsadga aylangan havas
2025-01-10 22:00:00 / Yangiliklar
Kechagidek yodida — Sarvar ichki ishlar organi xodimi boʻlgan otasi uyga kelishi bilanoq uning bosh kiyimini kiyib olar “Katta boʻlsam, dadamdek boʻlaman!”, derdi dadillik bilan.
Bolalikda uygʻongan bu havas bora-bora aniq maqsadga aylandi. Maktabni tamomlagan lavhamiz qahramoni avvaliga Fargʻonadagi litseyda, keyin Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtida tahsil oldi.
Ayni paytda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentining Tezkor qidiruv boshqarmasi oʻta muhim ishlar boʻyicha tezkor vakili boʻlib faoliyat koʻrsatayotgan Sarvar Otajonov orzusi amalga oshgan fidoyilardan.
Yigirma besh yildan buyon tizimda jonkuyarlik bilan xizmat qilayotgan podpolkovnik S. Otajonovning otasi Yoʻldosh Otajonov uzoq yillar el-yurt osoyishtaligi yoʻlida faoliyat yuritib, Transportdagi IIB JQB boshligʻi lavozimidan izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatilgan.
Biroz muddat “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati yuristi lavozimida ham faoliyat olib borgan faxriyimiz hozir shirindan-shakar nevaralari qurshovida, turmush oʻrtogʻi Xosiyat aya bilan tinch-totuv umrguzaronlik qilmoqda.
Sohadagi ustozlarim qatori otam ham mustahkam tayanchim, — deydi lavhamiz qahramoni. — U kishi mendan kasbga oid maslahatlarini ayamay kelayotir. Padari buzrukvorimning oʻgitlariga doim quloq tutaman.
Oila — muqaddas dargoh. Sarvar xizmatdan boʻsh paytlarini turmush oʻrtogʻi va farzandlari bilan oʻtkazadi. Toʻngʻich farzandi Komila kelajakda onasiga oʻxshab oliy maʼlumotli hisobchi, kenjasi Behruzbek sulola ishini davom ettirib, ichki ishlar organi xodimi boʻlish niyatida.
©️ “Postda” gazetasi, Mixli Safarov.