Faxriylar – faxrimiz. Qatorda noring boʻlsa...
2025-01-05 10:55:00 / Yangiliklar
Umrini kasbiga baxshida etgan inson, albatta, saodatga erishadi. El ichra hurmat-eʼtibor qozonadi. Ichki ishlar organlarida ham kasbini ardoqlab, kasbidan baxt topgan faxriylar bisyor. Qashqadaryo viloyati IIB Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi starshina Murodulla Xasanov ana shunday insonlardan biri.
Koson tumanining Boʻlmas qishlogʻida, oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan Murodullaning bolaligi qatagʻon davriga, oʻsmirligi mashʼum II jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. Esini taniganidan hamma qatori dalada ota-onasiga koʻmaklashdi. Front ortini mustahkamlashda kuch-gʻayratini ayamadi. Yigirma yoshida qishloqdagi oʻrta maktabni tugatib, Qarshi temir yoʻl idorasiga, otasining yoniga ishga kirib, sakkiz nafar uka-singillarining kam-koʻstini toʻldirish uchun koʻmaklashdi.
1965-yili ichki ishlar organida xizmatni boshlagan Koson tumani IIB militsioneri M. Hasanovga podpolkovnik Umidillo Hayitov ustozlik qildi.
Lavhamiz qahramoni hayotida kunlar tunga, tunlar tongga ulanib ketgan vaqtlar koʻp boʻldi. Oʻsha paytda kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan tumanda xizmat qilish oson emas edi. shu bois ustozlaridan olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllab, oʻziga xos tajriba va malaka toʻpladi. Burch va masʼuliyatni hamma narsadan ustun qoʻydi.
Keyingi yillarda xizmatni tumanning oʻzida, maxsus komendaturada davom ettirgan Murodulla Hasanov har kuni bu yerda saqlanayotgan muqaddam jinoyat sodir etgan shaxslar bilan muloqot qilishiga toʻgʻri keldi.
Xizmat faoliyatining soʻnggi yillarida Qarshi shahar IIB Qoʻriqlash boʻlimida boʻlinma komandiri boʻlib xizmat qilgan Murodulla Hasanov koʻplab yosh xodimlarga ustozlik qildi. Isteʼfodagi podpolkovnik, marhum Erkin Berdiyev, isteʼfodagi mayor Ibodulla Husanov, isteʼfodagi kapitan Temir Almatovlarga kasb sirlarini oʻrgatdi.
Murodulla ota izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatilganiga ham 3sh yil boʻlibdi. Turmush oʻrtogʻi Oʻgʻil aya bilan 9 nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Ular bugun turli sohalarda mehnat qilyapti. Ikkinchi oʻgʻli Hoshim Hasanov ota kasbini davom ettirib xizmatga kirdi. Oʻttiz yildan ortiq vaqt mobaynida PPX batalyonida safdorlikdan boʻlinma komandiri vazifasigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtib, 2sh18-yili pensiyaga chiqdi.
Ot izini toy bosar deganlaridek, Murodulla boboning nabirasi, oddiy askar Abbos Eshquvvatov hozirgi kunda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7533-harbiy qismda nazoratchi lavozimida xizmat qilmoqda.
Farzandlar davrasida oʻtirib dildan suhbat qurish, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish Murodulla ota uchun odatga aylangan. Ayniqsa, sulola ishini davom ettirayotgan nabirasiga doim el-yurt uchun fidoyilik va sadoqat bilan halol xizmat qilishni uqtiradi. Halol xizmat hech qachon eʼtibordan chetda qolmasligini oʻz hayoti misolida hikoya qilib berishdan charchamaydi.
— Xalqimizda qatorda noring boʻlsa, yuking yerda qolmaydi, degan ibora bor, — deydi 90 yoshni qarshilagan Murodulla ota. Har yili
bayramlarda farzandlarim va nabiralarim qatorida, viloyat IIB rahbariyati va Faxriylar kengashi aʼzolari yoʻqlab turishadi. Mana, ular yaqinginada ham uyimizga kelib, Yangi yil bayrami va qutlugʻ yoshga toʻlganim bilan tabriklab ketishdi.
Ortda qolgan yillardan, oʻtayotgan umridan mamnun Murodulla ota Hasanov bugungi kunda 17 nafar nabira, 13 nafar chevara qurshovida Yurtboshiga sihat-salomatlik, mamlakatga tinchlik, xalqimizga omonlik tilab, baxtiyorlikda umrguzaronlik qilmoqda. Hayotning mazmuni, mohiyati shu aslida!
Zokir Obilov, Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi maslahatchisi, isteʼfodagi podpolkovnik.
Suratda: Murodulla ota Xasanov oʻtli va nabirasi bilan.