Inson qadri ulugʻ. Mehr quchogʻidan panoh topganlar
2025-01-04 22:00:00 / Yangiliklar
Serjant Qahramon Xushvaqov Sirdaryo viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida tarbiyachi vazifasida ishlaydi. Atrofdagilar tomonidan unga yuksak hurmat koʻrsatilishining muhim bir sababi bor. U oʻz xonadonida mehribonlik uyi ochib, bir necha bolani qaramogʻiga olgan.
Guliston shahridagi 2-mavzeda joylashgan shinamgina hovlida yashovchi Qahramon oʻn sakkiz yildan beri ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatadi. U xizmat qiladigan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga koʻplab bolalar kelib-ketadi. Baʼzilarining ota-onasi vafot etgan.
Ayrimlari ota-onasi tashlab ketgani yoki qamalgani sababli tirik yetimga aylangan. Qahramon oilada munosib tarbiya topgan inson boʻlgani uchun qiyinchilik girdobida qolgan bolalarga eʼtiborsiz boʻlmadi.
2022-yil boshida Mehribonlik uyi tashkil etib, 6 nafar bolani oʻz qaramogʻiga oldi. Buning uchun hovlisida qoʻshimcha bino qurdi. Issiqlik tarmogʻi tortildi. Yuvinish xonalari zamonaviy shaklga keltirildi.
Yotoqxonalarga mebellar olib kelindi. Bolalar oʻqishi, hordiq chiqarishi uchun hamma sharoit yaratildi. Mana, oradan ikki yil oʻtib, bolalarning 2 nafari voyaga yetdi.
Xushvaqovlar oilasi mehr bulogʻidan bahramand boʻlgan Flora va Shahnoza hozir 19 yoshda, Guliston davlat universitetining pedagogika va psixologiya fakultetida tahsil olyapti. Yaqinda Shahnoza oilali boʻldi.
Qahramon uni orzu-havaslariga monand tarzda uzatdi. Floraxonimni ham soʻrab kelayotganlar bor. Lekin u universitetni tugatgach, turmush qurishni istayapti.
Qalb amri bilan tashkil etilgan mehribonlik uyida yana 6 nafar bola tarbiyalanyapti. Ulardan biri — Sardor koʻp qiyinchiliklarni boshidan kechirgan. Uning onasi asli qozogʻistonlik. Eri vafot etgach, onasi uni olib Qozogʻistonga ketishga majbur boʻladi va afsuski, koʻp oʻtmay u ham dunyodan koʻz yumadi.
Togʻalarning qoʻlida sarson boʻlib qolgan bola sal qolsa, koʻchada qolardi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgani uchun davlatimiz gʻamxoʻrligida vataniga qaytariladi va Sirdaryo viloyati voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy koʻmak koʻrsatish markaziga joylashtiriladi. Markazda Qahramon Xushvaqovning eʼtiboriga tushgan Sardor uning farzandlari safiga qoʻshiladi.
U hozirda oʻn ikki yoshda. Uning maktabda oʻqib ketishi biroz qiyin boʻldi. Qozoq tilida tahsil olgani pand berdi. Lekin hozirda aʼlochi oʻquvchi.
Tikish, bichish, gullardan oʻziga xos kompozitsiya yaratishning ustasi boʻlib yetishayotgan Sevara kelgusi yil oʻrta maktabni tugatadi. Uning ham otasi vafot
etgan. Onasi esa uni tashlab xorijga ketib qolgan. Shu bois onalik huquqidan mahrum qilingan. Sevara ushbu mehribon oilaga kirib kelganida ancha tushkunlikka tushib, ruhan choʻkib qolgandi. U bilan psixologlar, koʻplab masʼullar ish olib borishdi. Hozir oliy taʼlim muassasasiga kirishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Bilmadim, agar Qahramon dadam meni oʻz qaramogʻiga olmaganida taqdirim yana qanday davom etardi, — deydi Sevara biz bilan suhbatda. — Dunyoda yaxshi insonlar ham koʻp ekaniga shu yerga kelib ishonch hosil qildim. Barchasi uchun ularga rahmat.
Tarbiyalanuvchilarning eng kenjasi Farruxjon sakkiz yoshda. Uning otasi qamoqda, onasi esa dunyodan oʻtgan. Hozir u ikkinchi sinfda oʻqiyapti.
Men kelajakda IT yoʻnalishi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlmoqchiman, — deydi barchaning yoqimtoyi Farruxjon. — Har kuni kompyuter toʻgaragiga qatnayman.
Qahramonning turmush oʻrtogʻi Nodira Xushvaqova bolalarning issiq-sovugʻi, vaqtida ovqatlanishi, yotish-turishiga masʼul. Tabiatan mehribon bu ayolni bolalar “aya” deb chaqirganida u sevinib ketadi.
Mehribonlik uyining faoliyati Guliston shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining doimiy nazoratida.
Masʼullar 6 nafar bolaning taʼminoti, turmush sharoiti, oiladagi maʼnaviy muhitdan, iqtisodiy ahvoldan doim xabardor. Shu paytgacha oziq-ovqat, kiyim-kechakdan aslo muammo boʻlmagan.
Eng muhimi, ezgu niyat bilan tashkil etilgan mehr maskanida xush kayfiyat hukmron. Qalbi toza, niyati pok insonlar tomonidan tashkil etilgan mehr maskanida bundan boshqacha boʻlishi ham mumkin emas.
©️ “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.