Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektor rahbarlari tomonidan Buxoro shahrida ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi
2024-12-27 17:15:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning bunday samarali mexanizmi hududlar infratuzilmasini yaxshilashga, aholi muammolarini hal qilishga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda, Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari markazdan tortib, eng olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholining muammolariga yechim topish maqsadida ommaviy sayyor qabullarni oʻtkazib kelmoqdalar.
Bugun Buxoro shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabulda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov ham ishtirok etib, aholining sud-huquq, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda tergov harakatlari, shuningdek, 3-sektor hamda ichki ishlar organlarining kundalik faoliyati bilan bogʻliq masalalarda qilingan murojaatlarni birma bir koʻrib chiqdi.
Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida tezkorlik bilan hal etilishiga qaratilib, qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olinganlari yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlariga aniq koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
Bu kabi sayyor qabullar tasdiqlangan grafik asosida viloyatning barcha hududlarida davom ettiriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati