“Kriminologiyaning dolzarb masalalari: Voyaga yetmaganlar va yoshlar jinoyatchiligi hamda kibermakon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi
2024-12-26 20:40:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan joriy yilning 24-oktyabr kuni IIV Akademiyasida 10 dan ortiq milliy ilmiy va taʼlim tashkilotlari, vakolatli davlat organlari vakillari ishtirokida konferensiya oʻtkazildi.
Konferensiyada bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, IIV Malaka oshirish instituti, IIV Ekspert kriminalistika bosh markazi, IIV Kiberxavfsizlik markazi, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish boʻlimi rahbarlari hamda malakali mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yigʻilishni Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik F.Bazarov kirish soʻzi bilan boshlab, bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda har qanday turdagi jinoyatlarga, ayniqsa yoshlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda hamjihatlikdagi saʼy-harakatlarsiz koʻzlangan maqsadga erishishning imkoni yoʻqligi, zamonaviy tahdidlar va xavf-xatarlar yuzasidan doimiy ilmiy muloqot oʻrnatish, ularga qarshi kurashishda eng samarali usullar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish har qachongidan ham muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, IIV Akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik R.Nigmatov ham hozirgi globallashuv jarayonlari, texnika va texnologiyalarning kun sayin takomillashuvi, migratsiya hodisasining chegara bilmas harakatlanishi oʻzining ijobiy jihatlari bilan birga, salbiy tomonlarini ham namoyon etayotganligini, “Ommaviy madaniyat”, transmilliy jinoyatchilik, Internet tarmoqlarida tarqatilayotgan turli xil mentalitetimizga xos boʻlmagan namoyish va chaqiriqlar yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borishiga sabab boʻlayotganligini maʼlum qildi.
Yigʻilishda bevosita maʼruza qilgan kriminolog olimlar, yetuk malakali ekspertlar tomonidan voyaga yetmaganlar va yoshlar jinoyatchiligini jilovlash, kiberjinoyatlarni oldini olish hamda ularga qarshi manzilli
va maqsadli kurashish har qachongidan ham muhimligi, mazkur yoʻnalishdagi jinoyatchilik tendensiyalarini tahlil va prognoz qilish, jinoyatchilik omillariga ilmiy xulosa berish, huquq-tartibot idoralari sohasida maqsadli ilmiy tadqiqotlarni olib borish amaliyoti tizimligi yoʻlga qoʻyish taʼkidlandi.
Konferensiya yakunida maʼruzachilar tomonidan ilgari surilgan ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar kelgusida ilm-fanni rivojlantirishga, bugungi kunda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan voyaga yetmaganlar va yoshlar jinoyatchiligining oldini olishga hamda ommaviy va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish va global jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishi eʼtirof etildi.