Asosiy kontentga o'tish

Ayol va jamiyat. “Men baxtli ayolman”

2024-12-26 14:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning sentyabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX HPB Xotin-qizlar masalalari boʻlimi tashabbusi bilan «Men baxtli ayolman» loyihasiga start berilgan edi. Loyiha Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi va «Goʻzal hayot» markazi bilan hamkorlikda tashkil etilib, 3 oy davomida tuman va shaharlardagi 18 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan qiyin vaziyatga tushib qolgan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar taklif etildi.

Bundan koʻzlangan maqsad — xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, kasbga yoʻnaltirish, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatishdan iborat. Loyiha davomida ishtirokchilar oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlar boʻyicha kasb-hunarga oʻqitildi, shuningdek, ularni ruhlantiruvchi psixologik darslar tashkil etildi. Bundan tashqari, hududdagi turli tarixiy obidalar va muzeylarga sayohatlar uyushtirilib, ularning maʼnaviy va maʼrifiy dunyoqarashi yanada oshirildi.

- Kasbiy tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, xotin-qizlarning aksariyatida hissiy-emotsional yopiqlik bor. Shu bois ularning oʻzini himoya qilish uslubi boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etish, sogʻligʻini tiklash va tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab olindi. Shu jumladan, loyihada ishtirok etayotgan xotin-qizlarning koʻpchiligi vaqtida ruhiy bosimdan aziyat chekkan. Shuni inobatga olgan holda, asosiy eʼtibor psixologik treninglarga qaratildi. Ishonamanki, olib borilgan suhbatlar va treninglar kelgusida ularning ruhiy holati hamda oilaviy muhitida ijobiy oʻzgarishlar roʻy berishiga turtki boʻladi, — deydi «Goʻzal hayot» markazi psixologi Muhabbat Doshekenova.

«Men baxtli ayolman!» loyihasi natijasida bir qancha ayollar jamiyatda oʻz oʻrnini topishga muvaffaq boʻlgani bois kelgusi yilda ham bu boradagi ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

Xurzada REYMKULOVA, podpolkovnik.

59

Oxirgi yangilanish: 2024-12-26 14:52:46