Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi hududlardagi qish mavsumiga tayyorgarlik holatlarini oʻrgandi
2024-12-23 12:35:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, general-mayor Tohir Aripov tomonidan Oʻrta Chirchiq tumani “Kuchlik” mahallasida joylashgan zaxira koʻmir bazasi, tuman aholisi uchun xizmat koʻrsatuvchi “Hududgaztaʼminot” korxonasi hamda Nurafshon shahrida elektr tarmoqlari korxonasining qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari oʻrganildi.
Jarayonda energiya resurslarining barqarorligini taʼminlash, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, avariya holatlarining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar va texnik uskunalarning holati koʻzdan kechirildi.
Hududiy IIB rahbarlari va yoʻnalishlar boʻyicha masʼullarga mavjud kamchiliklarni tezda bartaraf etish, aholi murojaatlarini oʻz vaqtida hal qilish, qarzdorliklarni undirish hamda isteʼmolchilarni sifatli va uzluksiz energiya manbalari bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Ushbu masalalar boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, tegishli idora vakillariga mazkur korxonalarda xizmatni barqarorligini taʼminlash maqsadida navbatchilik asosida ishlashni tashkil etish, navbatchi xodimlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish, texnik vositalar va transport bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Jarayonlarning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Mazkur tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash, tegishli tashkilotlar xodimlarining masʼuliyatini oshirish hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olishdan iborat. Shu bilan birga, aholining turmush sifati va xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan ushbu saʼy-harakatlar qish mavsumini betashvish oʻtkazishga xizmat qiladi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati