Xalqining osoyishtaligini taʼminlash, aholini qish mavsumida energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojini qondirish hamda bu borada tegishli idora va tashkilotlari vakillarining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda
2024-12-21 10:30:00 / Yangiliklar
Yuqoridagi belgilangan vazifalarning ijrosini nazorat qilish hamda samarasini oshirish maqsadida ishchi guruh tomonidan Mirobod tumani Nukus koʻchasida joylashgan “Mirobod tuman gaz” korxonasi, shu tuman Mexrjon koʻchasida joylashgan “Tuman elektr tarmoqlari” korxonasi, Munis koʻchasidagi “6-sonli Issiqlik markazi” hamda Yashnobod tumani Izzat koʻchasida joylashgan “7-sonli issiqlik markazi” faoliyatlari oʻrganilib, aholini kuz-qish mavsumida energiya taʼminoti (elektr, tabiiy va suyultirilgan gaz, issiq suv) bilan toʻliq taʼminlash, avariyaviy va boshqa noxush holatlarni zudlikda bartaraf etish choralari bilan tanishildi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda modernizatsiya qilingan hamda aholiga yuqori sifatli va tezkor kommunal xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan Mirobod tumani Ziyonur mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi “Dobus kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi hamda Yashnobod tumani Axmad Yassaviy mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi “Yuksalish” boshqaruv servis kompaniyasining faoliyatlari oʻrganildi.
Oʻrganishlar jarayonida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, koʻmir va issiq suv taʼminoti barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan ob-havoning murakkab sharoitlarida aholiga yongʻin xavfsizligiga qaratilgan hamda tez-tibbiy yordam xizmatini koʻrsatilishi va xavfsizlik choralarini toʻliq taʼminlanishiga qaratilgan vazifalarini oʻrganish uchun Mirobod tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Respublika tez-tibbiy yordam filiali 7-boʻlimi faoliyati oʻrganildi. Jarayonda, xizmatga jalb etilgan shaxsiy tarkib va biriktirilgan kuch va vositalarning shayligi, shuningdek ularning tezkor vaziyatni barqarorligini taʼminlashga tayyorgarligi tekshirilib, xizmat faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar berildi.
Poytaxtimiz mahallalarida koʻp qavatli uylar, shaxsiy xonadonlar va jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini oshirish, kriminogen vaziyatni barqarorligini taʼminlash, profilaktika inspektorlari tomonidan aholi muammolarni oʻrganish hamda bartaraf etish boʻyicha “mahalla yettiligi” bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar Mirobod tumani “Yangi Qoʻyliq” mahalla fuqarolar yigʻini misolida oʻrganildi.
Tadbir davomida, eʼtibor, shuningdek shahar yoʻllarida xavfsiz harakatlanish, piyodalar ayniqsa bolalar, yoshlar va ayollar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi. Aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab quvvatlash, muruvvat koʻrsatish hamda ularning oʻqishi va taʼlim olishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qator islohot va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu kabi ezgu ishlarni davomi sifatida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda masʼullar Yashnobod tumani 30-sonli yordamchi “Mehribonlik uyi”ga tashrif qilib, yoshlar bilan uchrashib muloqot oʻtkazildi, shuningdek kirib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida sovgʻalar ulashildi.