Namangan viloyati IIB boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan navbatdagi oʻrganish ishlari Toʻraqoʻrgʻon tumanida davom etdi
2024-12-21 00:10:00 / Yangiliklar
Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan aholi va ijtimoiy soha obyektlarini qish mavsumiga tayyorgarlik holati doimiy ravishda oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklar oʻz oʻrnida bartaraf etib kelinmoqda.
Jumladan, bugun polkovnik Shuxrat Aliyev masʼul xodimlar bilan birgalikda Toʻraqoʻrgʻon tumanida boʻlib, tumandagi ijtimoiy soha va kommunal xizmat koʻrsatish obyektlarining qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishdi. Shuningdek, tumandagi “Bekobod” mahallasiga tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida tuman elektr tarmoqlari va gaz taʼminoti korxonalari, tuman tibbiyot birlashmasi masʼul xodimlari bilan suhbatlashildi hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslar bilan uzluksiz taʼminlash, qish mavsumini betalafot oʻtkazish, shu bilan birga, yetarlicha yoqilgʻi mahsulotlarining zaxirasini shakllantirish boʻyicha topshiriqlar berilib, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarga shaylik darajasi va fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar tekshirildi.
Bundan tashqari, xizmatga jalb etilgan xodimlarga tungi vaqtlarda shaxsiy xavfsizlikka rioya qilgan holda hushyor xizmat olib borishlari yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati