Tanlov gʻolibi. Ish quroli hamisha soz
2024-12-19 13:45:00 / Yangiliklar
IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati katta mutaxassisi, leytenant Sadriddin Xayrullayev sohada faoliyat boshlaganiga endigina uch yil toʻlgan boʻlsa-da, koʻpchilikning eʼtiboriga tushishga ulgurdi.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tugʻilgan oʻgʻlon Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutini muvaffaqiyatli tamomlab, «Zoʻr TV» telekanalida rejissyor sifatida faoliyat yurita boshladi. «Aristokratlar», «Zoʻr bekat», «Aktyor shou» kabi koʻngilochar dasturlarning qiziqarli chiqishida munosib hissa qoʻshdi.
— Ichki ishlar organlari safida xizmat qilish men oʻylaganchalik oson emas ekan, — deydi leytenant S.Xayrullayev. — Avvaliga faqat videoroliklar tayyorlab, oʻtkaziladigan tadbirlarni tasvirga olsam bas deb oʻylardim. Keyin bilsam, sohaga oid tegishli hujjatlar bilan ishlash, reja, hisobot tayyorlash kabi masʼuliyatli ishlar ham bor ekan. Qiynalgan paytlarim ham boʻldi, ustozim Zoyir Yoʻldoshev ana shunday paytlarda qoʻllab-quvvatladi.
Sadriddin mazkur lavozimda ish boshlaganidan keyin, Departamentning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari ancha jonlandi. U tayyorlagan ibratli, taʼsirchan lavhalar «Oʻzbekiston 24», «Zoʻr TV» telekanallari va ijtimoiy tarmoqlar, xususan IIV hamda JIED telegram kanallari orqali tomoshabinlar hukmiga havola qilinadi.
Yaqinda Ichki ishlar vazirligi tizimida oʻtkazilgan «Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni targʻib etuvchi videoroliklar tanlovi»da esa taqdim etilgan 43 ta lavha orasida Sadriddinning ishi birinchi oʻringa munosib deb topildi.
S.Xayrullayevning orzulari bisyor, koʻzlagan marralari yuksak. Uning xizmatlari rahbariyat tomonidan eʼtirof etilayotganidan magʻrurlanib, muvaffaqiyatlardan esankirab, izlanishdan toʻxtab qoladigan odati yoʻq.
Aksincha, erishgan yutuqlaridan ruhlanib, yanada gʻayrat-shijoat bilan ishlamoqda.
Inomjon Rahimxoʻjayev, kapitan. “Postda”