9–14-dekabr kunlari IIV Akademiyasida “Sintetik giyohvandlik vositalari, yangi turdagi psixofaol moddalar va yashirin laboratoriyalarni aniqlash” mavzuida trening oʻtkazildi
2024-12-15 10:45:00 / Yangiliklar
Tadbir BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan “Idoralararo mobil guruhlarning muvofiqlashtiruvchi rolini oshirish va imkoniyatlarini kengaytirish orqali giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” loyihasi doirasida tashkil qilindi.
Trening ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) mintaqaviy vakolatxonasi, AQSh Davlat departamentining xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish byurosi (INL) hamda IIV Akademiyasi vakillari, shuningdek, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.
Sintetik giyohvandlik vositalari va yangi turdagi psixofaol moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish treningdan koʻzlangan asosiy maqsad ekanligi taʼkidlandi.
Ikki bosqichda tashkil qilingan mashgʻulotlar Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi vakili B. Avazzoda hamda Serbiya Respublikasi IIV Noqonuniy laboratoriyalarni aniqlash va yoʻq qilish departamenti boshligʻi S. Gajik tomonidan olib borildi. Tinglovchilar sintetik giyohvandlik vositalari va psixofaol moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda xalqaro tajribaning ilgʻor jihatlari yuzasidan malaka oshirdilar.
Foydali tavsiyalarga boy oʻtgan trening yakunida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va IIV akademiyasi vakillariga sertifikatlar topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati