Ichki ishlar vazirligi “Eng faol kitobxon vazirlik” deb topildi
2024-12-13 21:25:00 / Yangiliklar
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mutolaa madaniyatini rivojlantirish, kitobxonlikni keng targʻib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tizimida ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi oshirish, xodimlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Vazirlik tizimida mavjud boʻlgan barcha kutubxonalar yangi nashr etilgan adabiyotlar, yaʼni milliy va jahon adabiyotining sara namunalari bilan boyitildi.
Tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlari, harbiy qismlar, Vazirlik Akademiyasi va Akademik litseylarda xodim hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan koʻrik-tanlovlar, tinglovchi va oʻquvchilar ishtirokidagi bilimlar bellashuvlari ham ayni shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Har hafta oʻtkaziladigan “Maʼnaviyat va maʼrifat” mashgʻulotlari esa, xodimlarning siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy bilim saviyasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi binosi yonidagi xiyobonda “Ichki ishlar organi xodimining kitobxon oilasi“ haykali oʻrnatilgani ham keng jamoatchilik tomonidan ijobiy tashabbus sifatida baholandi.
Kuni kecha Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tashkil etilgan “Eng namunali vazirlik va idora” hamda “Eng namunali tuman va shahar” tanlovlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida yuqoridagi fikrlar alohida taʼkidlandi.
Quvonarlisi shundaki, Ichki ishlar vazirligi nafaqat jamiyat tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, balki maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda kitobxonlikni keng targʻib etish borasida ham peshqadam ekani eʼtirof etildi.
Har yili oʻtkazib kelinayotgan nufuzli tanlov yakuniga koʻra, “Eng namunali vazirlik va idora” musobaqasida Ichki ishlar vazirligi jamoasi “Eng faol kitobxon vazirlik-idora” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilib, 10 million soʻmlik kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
Bu tizimda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarga berilgan baho, xodimlar oʻrtasidagi kitobxonlikning munosib eʼtirofidir.
Madaniy-maʼrifiy kechaga jam boʻlgan ziyolilar jamiyat hayotining barcha sohalarida faol mehnat qilayotgan tanlov gʻoliblarini erishgan yutuqlari bilan tabrikladilar.