Yaqin tarix sahifalarida. “Qora quzgʻun” uchgan yillar
2024-12-13 11:10:00 / Yangiliklar
Inson hayoti davomida qanchadan-qancha kishilar bilan muloqotda boʻlmaydi, deysiz. Ammo ulardan barmoq bilan sanarlilargina mehra sazovor boʻladi. Bunday zotlar hatto hayotdan koʻz yumsa ham, qalban mehri tushgan kishilari bilan bamisoli muloqotda boʻlishadi, gʻoyibona yonma-yon yashashadi. Ana shunday insonlardan biri general-mayor Jalol Jamilovich Jamolovdir.
U Romitan (hozirgi Peshku)ning Valfok qishlogʻida 1935-yili tavallud topdi. Otasi Jamil aka qishloqdagi savodsizlikni tugatish maktabida oʻqituvchilik qilardi. Yosh Jalol h am boshlangʻich taʼlimni shu maktabda oldi. Keyinchalik otasi militsiya xizmatiga oʻtdi. Shundan soʻng Jalolning qalbida otasiday boʻlish istagi kurtak ota boshladi. Koʻpincha Jamil akaning ishdan qaytishini intiqlik bilan kutar, kelganda esa u kishining bosh kiyimini kiyib:
— Katta boʻlsam siz kabi mana shunday libos kiyaman, deya gʻururlanardi.
Intilganga tole yor, deb bejiz aytilmagan. Jalol Jamolov fanlarni puxta oʻzlashtirib, bilim va mahoratini boyitdi. Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) ning yuridik fakultetiga oʻqishga kirib, imtiyozli diplom bilan tugatdi. Buxoro viloyati IIBda katta tezkor vakil lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan yosh xodimning oʻz kasbiga layoqatini payqagan rahbariyat koʻp oʻtmay viloyat IIB shaxsiy tarkib boʻyicha maxsus inspeksiya vakilligiga tavsiya qilishadi. 1960-1963-yillarda esa Buxoro shahar IIBda surishtiruv boʻlinmasi boshligʻi, keyinchalik viloyat IIBda turli lavozimlarda xizmat qildi.
Xizmatda erishgan yutuqlari tufayli u 1972-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Profilaktika xizmatiga rahbar etib tayinlandi. Bir yildan soʻng Tergov boshqarmasi boshligʻi, 1979-yilda esa Jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi.
1985-yilga qadar Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan Jalol Jamilovich viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashishda va uning oldini olishda muayyan natijalarga erishdi. U har bir sohaviy xizmatda olib borilayotgan ishlarni atroflicha tahlil qilar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq reja ishlab chiqar, tegishli choralarni koʻrardi.
Qayerda ishlamasin, joylarda huquq-tartibotni mustahkamlashga hissa qoʻshdi. Qurilish-obodonlashtirish ishlariga, el-yurtini farovon qilishda faol ishtirok etdi. Jalol Jamolovning tashabbusi bilan Toshkent viloyati IIB binosi qurib bitkazildi. Barcha zarur asbob-anjomlar bilan taʼminlandi. Shuningdek, tergov, yoʻl-harakati xavfsizligi, patrul-post, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va yongʻin xavfsizligi xizmatlari hamda ularning tumanlardagi tuzilmalarining keng qamrovli faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, koʻpchilikka kasb sirlarini oʻrgatdi, malakali shogirdlar tayyorladi. Talabchan murabbiy, mehribon ustoz sifatida koʻplab osoyishtalik posbonlarining hurmatiga sazovor boʻldi.
J.Jamolov rahbarligida Toshkent viloyatida olib borilgan ishlar besamar ketmadi. Ayniqsa, sohaviy xizmatlarning oʻzaro hamkorligi mustahkamlanib, tez orada tezkor vaziyat barqarorlashdi. Oʻta ogʻir va ogʻir turdagi jinoyatlar keskin kamaydi. Shuningdek, qoʻl ostidagi xodimlarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida eʼtibor qaratib keldi, shu benuqson xizmatlari inobatga olinib, J. Jamolov 1982-yilda “general-mayor” unvoniga sazovor boʻldi.
— Jalol Jamolov men bilgan insonlarning eng yaxshisi edi, deydi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov. Men 1978-1984-yillarda Toshkent tumani IIB boshligʻi boʻlganimda, u kishi Toshkent viloyati IIB boshligʻi edi. Tartib-intizomliligi va xushmuomalasi bilan barchada birdek iliq taassurot qoldirardi. Falakning gardishini koʻringki, shunday fidoyi inson ham chetdan kelgan korchalonlarga yoqmay qolgani uchun jabru jafoga mubtalo boʻldi. Sodiq xizmatlari evaziga erishgan general-mayor unvonidan mahrum etilib, polkovnik unvonida pensiyaga chiqarildi. Shukrki, istiqlol sharofati bilan 1994-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan uning ishi qayta koʻrib chiqilib, toʻliq oqlandi.
Jalol Jamolov umri davomida el-yurt hurmatida, shogirdlari eʼzozida, farzandlari mehr-muhabbatidan, yoru doʻstlari oqibatidan quvonib yashadi.
Turmush oʻrtogʻi Hurniso aya bilan toʻrt qiz va bir oʻgʻilni el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalashdi. Qizlari oʻzlariga munosib oliygohlarda tahsil olishib, oila qoʻrgʻonini barpo etishdi. Oʻgʻli Oʻktamjon ota kasbni tanladi. U viloyat IIB YHXBda samarali faoliyat koʻrsatdi. Biroq sogʻligʻi boʻlmagach, ikkinchi guruh nogironligi bilan mayor unvonida pensiyaga chiqdi. Uning oʻgʻli Kamoljon ota-bobosining izidan ketdi. U ayni paytda viloyat IIB YHXB YPX xodimi...
-1985-yil bizning ham boshimizdan “qora quzgʻun” uchib oʻtdi. Turmush oʻrtogʻimni “oʻzbeklar ishi” boʻyicha hibsga olishdi. Quruq tuhmat, boʻhtonlar toʻqib, Jalol akamning nomiga dogʻ tushirmoqchi boʻlishdi. Har kuni meni tergovga olib kirishardi. Har safar boʻlmagʻur voqealarni aytib, gapning magʻzini turmush oʻrtogʻimga qadashardi. Bir safar nechta mashinangiz bor, deyishsa, ikkita, debman. Qanaqa rusumdagi, deyishdi. Shunda biri kir yuvish mashinasi, ikkinchisi tikuv mashinasi, debman, deya Hurniso aya jilmayib qoʻydi, soʻng soʻzini davom ettirdi. Haqiqatan ham, Jalol akam halol ishlardi. Viloyatda ishlaganlarida ham, Toshkentda ishlaganlarida ham, choldevor uyimizdan boshqa hech narsamiz yoʻq edi. Bu shunchaki oʻzbek rahbarlarini sindirish usuli hisoblangan.
Haliyam haqiqat bor, adolat bor ekan. Koʻp oʻtmay u kishi oqlandi. Ammo “quzgʻun”larning “qora kun”lari u kishining hayotiga taʼsir koʻrsatmay qoʻymadi. 2013-yil 13-mart kun 79 yoshlarida vafot etdilar. Nevara-yu chevaralarning huzur halovatini koʻrmay ketdilar. Ilohim yotgan joylari jannat, oxiratlari obod boʻlsin...
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati