Adolat tantanasi. «Otamning ko‘zida yoshni o‘shanda ko‘rganman...»
2024-12-11 11:50:00 / Yangiliklar
Ayol — nozik xilqat. Chimdim mehrga dunyolarga sig‘may ketadi, ozgina e’tiborsizlik esa ko‘ngliga og‘ir botadi. O‘sha kuni Munira turmush o‘rtog‘i, mayor Husniddin Abdullayevga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qiladi. Javob bo‘lavermagach, alami kelgan Munira endi mening ham javobimni kutsinlar, degan ma’noda uyali telefon apparatini o‘chirib qo‘yadi.
Mahkamada so‘roq qilinayotgan Abdullayevdan uydagilarini xabardor qilish maqsadida yaqinlarining telefon raqamini so‘rashganida xayoliga faqat turmush o‘rtog‘i Muniraning raqami keladi, xolos. Ammo afsuski, u bilan bog‘lanishning sira iloji bo‘lmaydi...
Mayor Husniddin Abdullayev 1979-yili Andijon viloyati Asaka tumanida tug‘ilgan. 2001-yili IIV Yong‘indan saqlash oliy texnik maktabini tamomlagan. Mazkur ta’lim muassasasida turli lavozimlarda ishlab, 2007-yili Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB HOOB MTP profilaktika inspektori vazifasida faoliyatini davom ettirgan.
Hayot yo‘li bir tekis emas ekan. O‘shanda 2013-yil 11-sentabr kuni edi. Husniddin Abdullayevning har doimgidek xizmat vazifasini bajarish jarayoni. Hujjatlarni tuman IIBga olib ketayotgan payti hududda yuradigan tanish yigitlardan biri shoshib kelib, «Aka, disk sotadigan do‘kon ochmoqchi edim, maslahatingiz kerak», deb gapga tutadi. Inspektor shoshib turgan bo‘lsada, buning uchun kerakli hujjatlar rasmiylashtirish lozimligini, turli xildagi pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega disklar sotuvi mumkin emasligini tushuntirib, mashinasiga o‘tiradi. Yigit ko‘cha boshidagi do‘kongacha uning mashinasida birga chiqib olishini iltimos qiladi. Manzilga yetgach, tushib ketarkan, inspektorga sovg‘a berib yuborishganini aytib, qo‘lidagi selofan paketga o‘ralgan pullarni tutqazadi. «Bu nima qilganing! Ol buni!» deb paketni yigitga qarata irg‘itadi. Yigit «Bu — sizga», deb turgan mahali sakkiz nafardan ziyod xizmat xodimlari mashinani o‘rab olishadi va Abdullayevning qo‘lini orqaga qayirib, Toshkent shahar prokuraturasiga olib ketishadi...
Munira ishidan hayallayotgan turmush o‘rtog‘idan avvaliga xavotir bo‘lmaydi, chunki xizmat vazifasi o‘laroq, bunday holatlar bo‘lib turardi. Shu bois ham uyali telefon apparatini yoqish, undan xabar kutish xayoliga ham kelmaydi. Keyinchalik vaziyatni bilganda esa o‘zini o‘zi ich-ichidan koyidi.
— Otamning ko‘zida yoshni o‘shanda ko‘rganman, — deb eslaydi X.Abdullayev. — «Otajon, mehribonim, yig‘lamang, mening aybim yo‘q... Bir kuni adolat qaror topadi, ammo buning uchun vaqt kerak. Iltimos, menga ishoning!» deyolganman xolos. Otam ko‘zlaridagi yoshni ro‘molchasi bilan artarkan: «Oilangdan, farzandlaringdan xavotir bo‘lma. Sog‘lig‘ingga qara» dedi-da, chiqib ketdi.
Xusniddin Abdullayevning oilada akasi, ukasi va birgina singlisi bor edi. Aka-ukalari ham ofitserlar, singlisining turmush o‘rtog‘i ham shu soha xodimi. Uning boshiga kelgan qora bulutlar aka-ukalarining emas, negadir kuyovining faoliyatiga soya solgandek bo‘ladi. Hatto shuni deb uning oilasi darz ketish arafasiga yetadi. Hayot sinovlari barchani sinayotgandek bo‘lardi...
Ariza va ko‘rsatmalarga asoslangan jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Jazo muddatining ma’lum bir qismini o‘taganidan so‘ng, ozodlikka chiqariladi.
Ozodlikka chiqish — chinakam quvonch, cheksiz baxt bo‘lsa-da, ammo ko‘p yillardan buyon yelkamni bosib turgan og‘ir yukdan xalos bo‘lish dardi qiynardi. Negaki, baribir ko‘pchilikning nazarida yuzim qora bo‘lgan, munosabatlar ham shunga yarasha edi, — deydi Husniddin Abdullayev.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasida sud jarayoni qaytadan ko‘rib chiqilib, sud hukmiga ko‘ra, uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli to‘liq reabilitatsiya qilinadi.
2022-yil 23-oktabr kuni 11 nafar oqlangan xodimlar Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning huzuriga kirdik. Hurmatli vazirimiz bizni samimiy qabul qilib, xizmatga qayta tiklanishimizni aytib, kelajakdagi xizmat faoliyatimizga yuksak ishonch bildirdi. Buni eshitgan otam ko‘zlarida quvonch yoshlari, dillarida, tillarida shukronalik, minnatdorlik bilan uzundan-uzun duo qildilar.
Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. 2023-yilning noyabr oyida Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmatga tiklangan Husniddin Abdullayev bugungi kunda Chilonzor tumani bo‘yicha IIOFMB 3-sonli ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektori lavozimida ish faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Xizmat formamni yana kiyarkanman, rosti, ko‘nglim allanechuk bo‘lib, yig‘lab yuborganimni ham yashirmayman, — deydi lavhamiz qahramoni. — Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi ta’minlanib, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishiga ishonardim. Xudoga shukr, oilam, yaqinlarim, kasbdoshlarim, mahalla-ko‘y oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi.
Mayor Husniddin Abdullayevga ish joyiga yaqin bo‘lgan hududdan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xizmat uyi berildi. Turmush o‘rtog‘i Munira shu hududdagi 179-sonli maktabda ingliz tilidan dars berib kelmoqda. Gulhayo, Azizbek, Lazizbek farzandlarini Vatan xizmatiga kamarbasta insonlar etib tarbiyalab kelishmoqda.
Adolat Fayziyeva, o‘z muxbirimiz. “Postda”
Toshkent shahri