“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazida seminar tashkil etildi
2024-12-10 10:55:00 / Yangiliklar
Seminar “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi rahbari, mayor Ulugʻbek Kulanovning kirish nutqi bilan boshlandi. Unda markazning barcha xodimlari va hududiy sektor mutaxassislari ishtirok etdi.
Shuningdek, markazda zamonaviy standartlar asosida jihozlangan, mavjud tizimlar monitoringini amalga oshiruvchi “Xavfsiz shahar tizimlari monitoring markazi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Xodimlarga markazda yaratilgan qulayliklar va yangi tizimlarning ishlash jarayoni, axborot xavfsizligini taʼminlash talablari hamda joylarda oʻrnatilgan videokuzatuv qurilmalarini qoʻshish, ulardan qanday tartibda foydalanish boʻyicha tushuncha va koʻnikmalar berilib, dasturiy mahsulotlarning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Seminar davomida “Xavfsiz shahar” tizimi yagona apparat-dasturiy platformasi monitoringi, “RTF” (Road traffic fines) tizimi, “AutoID” avtomobil raqamlarini aniqlash tizimi, “TrackControl” Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transportlarining GPS monitoring tizimi haqidagi maʼruzalar tinglandi.