Xotira abadiy, qadr – muqaddas. Unutilmas mardlik, jasorat
2024-12-09 11:20:00 / Yangiliklar
Mardlik va qahramonlik unutilmaydi. Ayniqsa, umrini yurt tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida safarbar etganlarning ibratli hayoti oradan yillar oʻtsa-da, ogʻizdan ogʻizga koʻchib, mangu qahramonlik ertagiga aylanadi.
Maqolamiz qahramoni Toshpoʻlat Mamadaliyevning nomi ham faxr-u iftixor bilan tilga olinadi. Toshpoʻlat ota 1924-yilda Yangiqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Uning ayni yoshlik yillari Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. Hali oʻn yetti yoshga yetmagan yigit Samarqanddagi dala mashq maktabiga oʻqishga yuborilib, jangovar tayyorgarlikdan oʻtgach, frontga otlandi. 168-oʻqchi diviziya safida vzvod komandirining yordamchisi boʻlib, urushning dastlabki kunlaridayoq dushman generalini asirga oldi. Bu jasorati uchun «Ulugʻ Vatan urushi» ordeni bilan taqdirlandi.
Oʻnlab shahar va qishloqlarni fashizm zulmidan ozod etishdagi va Stalingrad ostonasidagi janglarda uning qahramonliklari kitoblardan joy oldi. Urushdan keyin ham yosh oʻgʻlon jang maydonlarini dushman minalaridan tozalashda ishtirok etib, bir necha qadam narida portlagan mina boʻlaklaridan ogʻir yarador boʻlib, Vatanga qaytdi. Gospitalda uzoq vaqt davolanib, oyoqqa turdi.
Urushdan keyingi yillarda Toshpoʻlat Mamadaliyev uzoq yillar ichki ishlar organlari safida oddiy tezkor xodimdan tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Boʻz, Shahrixon, Uchqoʻrgʻon, Yangiqoʻrgʻon tumani IIBlariga rahbarlik qildi. Yuzlab shogirdlarning ustozi sifatida ulardan koʻmagi, yordamini ayamadi.
Ota boshlab bergan anʼanani munosib davom ettirgan Toshpoʻlat otaning oʻgʻillari isteʼfodagi polkovniklar Ilhom va Ikrom Mamadaliyevlar koʻp yillar rahbarlik lavozimlarida sidqidildan xizmat qilishdi. Isteʼfodagi podpolkovnik, Faxriddin Mamadaliyev esa Namangan viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boʻlim boshligʻi lavozimida jinoyatchilikka qarshi kurashishda fidoyilik namunasini koʻrsatdi. Hozir 3 aka-uka pensiyada, oila davrasida umrguzaronlik qilishmoqda. Isteʼfodagi polkovnik Ilhom Mamadaliyev IIV Faxriylar kengashi aʼzosi sifatida yoshlarni kasbga, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda oʻzining katta hissasini qoʻshib kelmoqda. Ayni paytda sulolaning davomchilari nabiralar orasida ham sohada faoliyat olib borayotganlari ham bor.
Yaqinda Namangan shahridagi «Shodiyona» tantanalar majmuasida Toshpoʻlat Mamadaliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etilib, shogirdlari, farzandlari, nabiralari u kishining insoniy fazilatlari, mardligi va jasoratini yodga oldilar. IIV Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitov, viloyat IIB Faxriylar markazi raisi oʻrinbosari, isteʼfodagi polkovnik Tohirjon Nugmanov, Toshpoʻlat otaning shogirdlari oʻtganlarni xotirlash ezgu qadriyatlarimizdan ekani, mardlik va jasorat unutilmasligini taʼkidladilar. Toshpoʻlat ota Mamadaliyevning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini eʼtirof etdilar. Farzandlari otasining chin insoniylik saboqlari, halollik, kamtarinlik haqidagi oʻgitlariga amal qilib, hayotda oʻz oʻrnini topganliklarini aytib, minnatdorliklarini izhor etdilar.
Shukuhli davrada jasur oʻgʻlonning shaʼniga aytilgan yaxshi gaplar Vatan tinchligi yoʻlida olib borilgan mardlik unutilmasligining bir isboti boʻldi.
Gulchehra Buvamirzayeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Namangan viloyati