Yoshlar - kelajak bunyodkori. Ruhiyatning kaliti - kayfiyatda
2024-12-07 07:30:00 / Yangiliklar
Amudaryo tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Inobat Oʻrozmatova xizmat faoliyatini boshlaganiga hali koʻp boʻlmadi. Shunga qaramay, masʼuliyatli va tirishqoq yosh xodim oʻtgan vaqt mobaynida tumanda istiqomat qilayotgan ayollarga ijtimoiy, moddiy, psixologik koʻmak berish borasida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida 800 ga yaqin xonadonlar uyma-uy yurib oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar davomida turli masalalarga doir 530 dan ortiq muammolar bartaraf etildi. Shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarda mahalla faollari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilishi natijasida ularning 87 tasi yarashtirildi. Bundan tashqari, oilaviy kelishmovchiliklar yuzasidan qilingan ogʻzaki murojaatlar asosida 135 ta oilada tushuntirish ishlari olib borildi. Mazkur ishlar natijasi oʻlaroq, joriy yilning oʻtgan oʻn oyi davomida tuman hududida xotin-qizlar oʻrtasidagi jinoyatchilik holati sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
— Ayol — nozik xilqat. Ammo turmush tashvishlari, oilaviy kelishmovchiliklar baʼzan hatto erkak kishining ham qaddini bukishi mumkin, — deydi katta leytenant I.Oʻrozmatova. — Shu bois xizmat faoliyatimda, birinchi navbatda, oilalardagi muammolarga va ularning sabablariga eʼtibor qaratib, ularni imkon qadar hal etishga harakat qilyapman. Bunda oliy oʻquv yurtida psixologiya yoʻnalishida taʼlim olganim asqatmoqda.
Azamat PIRNIYAZOV, oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.