Vazir oʻrinbosari polkovnik Zufar Kurbanov raisligida “Xavfsiz shahar” tizimlarini joriy etishda hamkorlikni tashkil etish yuzasidan idoralararo ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2024-12-05 10:35:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Zufar Kurbanov raisligida “Xavfsiz shahar” tizimlarini joriy etishda hamkorlikni tashkil etish yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyat hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Taʼkidlash lozim, loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Fargʻona, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlarida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash server qurilmalari oʻrnatilib, sinov tariqasida ishga tushirildi va serverga hududlardagi mavjud videokuzatuv qurilmalarini integratsiyalash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida belgilangan obyektlarda 9 217 dona kamera oʻrnatilib, shundan 7 191 donasi integratsiya qilindi. Ular aylanma (PTZ), intellektual videokuzatuv, avtotransport davlat raqamini hamda toʻxtash va toʻxtab turish qoidabuzarlikni aniqlovchi, tezlikni oʻlchovchi kameralar hisoblanadi.
Yigʻilish yakunida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari tomonidan muhokama etilgan masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi