Ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari va sektorlar rahbarlari uchun tashkil etilgan oʻquv-amaliy seminarda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov ishtirok etdi
2024-12-05 10:05:00 / Yangiliklar
Mazkur oʻquv-amaliy seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 18-20-noyabr kunlari Oliy majlis senati va qonunchilik palatasida soʻzlagan nutqlari, shuningdek, 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilishi munosabati bilan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun mohiyatini yetkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etildi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan tinglovchilarga jamoat xavfsizligini taʼminlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar boʻyicha toʻliq tushunchalar berildi. Jumladan, umumiy jinoyatlar, oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlar, aniqlanishi lozim boʻlgan jinoyatlar va mahalla jinoyatlarini keskin kamaytirish boʻyicha masʼul rahbarlar oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 801-son qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq “Ijtimoiy profilaktika” obyektlarining har bir toifalari bilan alohida ishlash boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi.
Seminar davomida “Xavfsiz oila” tamoyili asosida belgilangan vazifalar, mahallarda xavfsiz sharoit yaratish boʻyicha hudud tajribalari, jinoyatlarni muhokama qilish tartibi, yoshlar bilan ishlash, kuz-qish mavsumidagi vazifalar hamda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan maʼruza va interfaol metodlar orqali tinglovchilarning koʻnikmalari oshirildi.
Oʻquv-amaliy seminar oʻz ishini 21-dekabrgacha, 3 ta bosqichda va 3 ta guruh bilan davom ettirishi rejalashtirilgan. Har bir guruhda 250 nafardan ziyod tinglovchi ishtirok etib, birinchi bosqichda vazirlik va idora masʼullari, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarining sektor rahbarlari qatnashmoqda.
IIV Axborot xizmati