Mardlar mangu yashaydi. Otam bilan faxrlanaman
2024-12-02 17:25:00 / Yangiliklar
Kapitan Sanjarbek Mahmudov Andijon viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi tezkor vakili lavozimida xizmat qilgan. 2005-yil 13-may kuni el-yurt tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish yoʻlida terrorchilar bilan toʻqnashuvda qahramonlarcha halok boʻldi. U vafotidan keyin «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
Qahramonning oilasida uning xotirasi cheksiz ehtirom bilan eʼzozlanadi. Shu bois oʻgʻli Asadbek kasb tanlash borasida otasining izidan borishga qaror qilgan. IIV Andijon akademik litseyini tamomlab, vazirlik Akademiyasiga oʻqishga kirdi. Bu yil Andijon shahar IIOFMB huzuridagi Tergov boʻlimida xizmat faoliyatini boshlagan yosh xodimga ayni paytda katta tergovchi, mayor Farrux Siddiqov murabbiylik qilmoqda.
- Mohir tergovchi boʻlish uchun masʼuliyatli, tirishqoq, mehnatsevar boʻlish va albatta, odamlar psixologiyasini tushunish zarurligini angladim, — deydi leytenant Asadbek Hamzayev. -Ustozim va boshqa tajribali xizmatdoshlarimdan koʻp narsalarni oʻrganyapman. Amakim — isteʼfodagi podpolkovnik Sarvarbek Mahmudov ham oʻz maslahatlarini sira ayamaydi. Bor kuch-gʻayratimni, bilimlarimni safarbar etib, otam singari jasur, kasbiga sodiq xodim boʻlishni niyat qilganman. Oʻz oʻrnida, el-yurt tinchligi uchun jonini fido qilgan padari buzrukvorim bilan faxrlanaman.
Asadbekning taʼkidlashicha, padari buzrukvori farzandlari uning ishini davom ettirishini juda-juda xohlagan. Shuning uchun boʻlsa kerak, Asadbek va akasi Shohjahon bugun ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatyapti. Chunonchi, Shohjahon Hamzayev viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, unvoni -katta leytenant.
Ichki ishlar organi xodimi boʻlish har kimning qoʻlidan kelavermaydi. Ota kasbini davom ettirish esa, kishi zimmasiga ikki karra masʼuliyat yuklaydi. Katta yoʻlga otlangan yosh xodim, leytenant Asadbek Hamzayev ulugʻvor maqsadiga erishishiga ishonchimiz komil.