Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tashkil etilgan ommaviy sayyor qabulda koʻplab murojaatlar hal etildi
2024-11-29 10:15:00 / Yangiliklar
Kimning hayotida muammo, tashvish yoʻq deysiz? Inson borki, hayotning turli sinovlariga uchrashi tabiiy. Ana shunday payt yordam uchun choʻzilgan qoʻllar koʻngilga malham boʻlsa, ne ajab.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sektor rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan ommaviy sayyor qabulning navbatdagisi Qiziltepa tumanida boʻlib oʻtdi. Navoiy viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Azat Tasbayev ham fuqarolarning tibbiy xizmat, moddiy yordam, elektr va gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolar qatorida sud-huquq masalalariga oid 10 dan ortiq murojaatlarini oʻrgandi.
Murojaatlarning aksari tibbiy yordam, jarrohlik amaliyotiga oid muammolar boʻlib, ular sogʻliqni saqlash boshqarmasining masʼul xodimlari bilan birgalikda koʻrib chiqildi. Jumladan, “Zarmetan” mahallasida istiqomat qilayotgan Gulbahor Azizova 2 yoshli nabirasini jarrohlik amaliyotisiz davolab boʻlmasligini aytdi.
Qabulga kelganlardan Dilnavoz Choʻliyeva farzandini davolatishda, Qunduz Bozorova koʻz jarrohligida, shuningdek, Akobir Arslonov bandligini taʼminlashda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Boshqarma boshligʻi tomonidan shu kabi koʻplab murojaatlar hal etilib, baʼzilari tegishliligi boʻyicha mutasaddilarga topshirildi va alohida nazoratga olindi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati