Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida kengaytirilgan tezkor yigʻilish oʻtkazildi
2024-11-27 10:50:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar hamda boshqa masalalarga bagʻishlangan kengaytirilgan tezkor yigʻilish oʻtkazildi.
Tanqidiy-tahliliy tarzda oʻtgan yigʻilishda boshqarma boshligʻining barcha oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar, tuman-shahar IIB boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, IIV Qorovul qoʻshinlari 7536-harbiy qism, 6-son mintaqaviy hudud 4-son Tergov hibsxonasi, 1, 17, 20-sonli jazoni ijro etish muassasalari hamda Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshliqlari ishtirok etishdi.
Yigʻilish yakunida boshqarma boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov koʻrib chiqilgan har bir masala yuzasidan oʻzining bir qator taklif hamda tavsiyalarini bildirib, jarayonda hududiy ichki ishlar organlari va jazoni ijro etish muassasalari bilan oʻzaro hamkorlikni izchil yoʻlga qoʻyish, chegara tumanlarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, hushyorxonalarning ishlashini alohida nazoratga olish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga taʼsir qiluvchi maʼlumotlarni tezkorlik bilan aniqlab, zudlik bilan manzilli choralar koʻrish, aniqlanadigan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, yashash, ishlash, oʻqish yoki boshqa sabablar bilan uzoq muddatga chet elga chiqib ketgan yoki qaytib kelgan fuqarolar bilan manzilli ishlash, ularning mavjud muammolariga yechim topish, oʻgʻirlik, firibgarlik hamda kiberjinoyatchilik, diniy ekstremizm yoʻnalishida targʻibot tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Koʻtarilgan har bir masala yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar masʼullari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga shaxsiy javobgarlikni his qilgan holda qoʻl ostidagi har bir xodimning xizmat faoliyatini kundalik nazorat qilib, intizom, fidoyilik bilan xizmat olib borish, ish samaradorligiga erishish lozimligini alohida taʼkidladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati