Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari 11–13-noyabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida oʻtkazilgan INTERPA xalqaro tashkiloti aʼzolari yigʻilishida ishtirok etdi
2024-11-26 15:00:00 / Yangiliklar
Dastlab Ijroiya kengash va Bosh assambleya yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar muhokama qilindi. Soʻzga chiqqanlar global xavfsizlik va barqarorlik yoʻlida aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini taʼkidlab, kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdilar. Yigʻilish yakunida kun tartibidagi masalalar va hamkor taʼlim muassasalari ishtirokida oʻtkaziladigan galdagi uchrashuvlar yuzasidan kelishib olindi.
Shuningdek, INTERPA doirasida “Politsiya faoliyatida sunʼiy intellekt” mavzusida XIII xalqaro konferensiya ham oʻtkazildi. Xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirok etgan anjumanda huquqni muhofaza qilish faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, bu borada oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Yalpi majlis va sessiyalarda “Politsiya faoliyatida sunʼiy intellekt”, “Sunʼiy intellekt orqali jinoyatchilikni prognoz qilish”, “Sunʼiy intellekt va kriminalistika”, “Sunʼiy intellektni integratsiyalashdagi muammo va imkoniyatlar”, “Xavfsizlikni taʼminlashda sunʼiy intellektni qoʻllash”, “Dron hujumlaridan himoyalanishda sunʼiy intellektdan foydalanish” va boshqa mavzularda maʼruzalar tinglandi. Konferensiya ishtirokchilari uchun “Politsiya faoliyatida sunʼiy intellekt” koʻrgazmasi tashkil qilindi.
Xorij safari davomida IIV akademiyasi vakillari Qirol Fahd nomidagi Saudiya Arabistoni xavfsizlik kolleji faoliyati bilan tanishdilar. Ikki tomonlama muloqotda muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, delegatsiyamiz aʼzolari Qatar, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston va Hindistonning turdosh oliy taʼlim muassasalari vakillari uchrashib, koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati