Inson qadri uchun. Mehnatdan kelsa boylik
2024-11-24 11:00:00 / Yangiliklar
Bugun yurtimizning shahar-qishloqlarida xalqning turmush farovonligini oshirish, hududlarni obod manzillarga aylantirish borasidagi amaliy ishlar ijobiy maʼnoda boʻy koʻrsatib ulgurdi. “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor bu evrilishlar ayni paytda odamlarning qalbida hayotidan mamnunlik, shukronalik tuygʻularini uygʻotmoqda, deya bemalol ayta olamiz.
Hududimizda 2727 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi mahalla raisi Saodat Jumanova. — Mahallamiz tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Internet tarmoqlari yetib kelmagan edi. Hozirgi kunda odamlarimiz aloqa sifatidan juda xursand.
Ha, mahalla raisasining gaplarida jon bor. Qoqsoyliklar necha yillardan buyon uzoq masofadan ichimlik suvini tashib keltirishar yoki sotib olishardi. Bugun yangi suv inshooti qurilib, xonadonlarning joʻmragidan toza ichimlik suvi tushdi va ushbu masala toʻliq yechimini topdi.
Ayniqsa, mahallaga kelaverishdagi 11 kilometr yolning asfalt qilinishi aholi uchun qator qulayliklar yaratdi.
Yaqinda “Qoqsoy”da mahalla yettiligi va mutasaddilari “Kambagʻallikdan — farovonlik sari” dasturi asosida qilinayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Aholining yashash sharoit-lari oʻrganilib, mavjud masalalarga yechim izlandi.
Ushbu mahallada odamlarning turmush farovonligini oshirish, bandlikni taʼminlash maqsadida sektor mutasaddilari ham bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga harakat qilishyapti.
Buning samarasi oʻlaroq, uzoq yillardan buyon qishloq odamlarini qiynab kelayotgan gaz, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar asta-sekin oʻz yechimini topmoqda.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Munira Ergasheva “Ayollar daftari”da roʻyxatda turardi. U subsidiya asosida 50 bosh parranda olib, xonadonida parvarishlay boshladi. Keyinchalik issiqxona ham qurdi. Hozirda issiqxona va parrandachilikda oila aʼzolari ham unga yaqin koʻmakchi, eng muhimi, ushbu faoliyat turi bilan shugʻullanayotgan oilaning moliyaviy daromadi tobora yaxshilanmoqda.
Yoshim 30 da, bir necha yillar davomida xorijda ishladim, — deydi shu mahallalik Shohrux Rashidov. — Uzoq yurtlarda odamga oʻzi tugʻilib oʻsgan joy, yaqinlarining qadri juda bilinarkan. Hozirda oilam bagʻrida, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlaganman. Tomorqadan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz.
Xalqimiz tilidagi “Harakatda barakat”, “Mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik” kabi maqollar zamirida hayot haqiqatlari yashaydi, albatta.
Buning yorqin isbotini ushbu mahallada istiqomat qilib kelayotgan Umar Doliyevning omilkorligida ham koʻrish mumkin. Chunki ayni kunlarda uning xonadonidagi 2 sotixlik issiqxonada yetishtirilayotgan qulupnaylarni koʻrib koʻzingiz quvonadi. Chiroyli qilib ishlov berilgan issiqxonada qulupnay hosili moʻl. Bu esa, oʻz navbatida, oilaning moddiy imkoniyatlarini oshiradi.
Sirasini aytganda, mutasaddilarning eʼtiboridan, qoʻllab-quvvatlovidan kuch olgan qoqsoyliklar halol mehnati orqasidan ertangi kunga ishonch bilan intilib, roʻzgʻor kamini ortigʻi bilan toʻldirishga harakat qilishmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Gulnoza Turgʻunboyeva, Samarqand viloyati.