Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida seminar-trening oʻtkazildi
2024-11-24 10:00:00 / Yangiliklar
“Tezkor maʼlumotlar asosida politsiya faoliyatini tashkil etish” mavzuida ixtisoslik kafedrasi professor-oʻqituvchilari va magistratura tinglovlari uchun tashkil etilgan seminar-trening xalqaro ekspert Reyt Pikaro tomonidan olib borildi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar jinoyatchilikka qarshi kurashishda tezkor maʼlumotlardan foydalanish, zamonaviy axborot tizimlari va manbalari bilan ishlash, jinoyatchilik dinamikasini prognoz va tahlil qilish, huquq-tartibot organlarining kurashuvchanligini oshirish yuzasidan malaka oshirdilar.
Seminar-trening yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan tadbirda YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen va akademiya boshligʻi Rustam Xatamov ishtirok etdi.
Akademiya rahbari oʻzaro hamkorlik doirasida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar ahamiyatini yuqori baholab, global transformatsiyalar jarayonida zamonaviy tahdidlar va jinoyatchilikning yangi koʻrinishlari paydo boʻlayotgani, huquqni qoʻllash amaliyotidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish, taʼlim integratsiyasini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.
Muloqot chogʻida tomonlar istiqbolli loyihalar asosida dolzarb mavzularga qaratilgan mashgʻulotlar tashkil etish va hamkorlik koʻlamini kengaytirishga kelishib oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati