Axborot texnologiyalari yoʻnalishida xizmat olib boruvchi xodimlarning malakasi oshirildi
2024-11-22 11:00:00 / Yangiliklar
IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi binosida Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida Axborot texnologiyalarni keng joriy etishga masʼul boʻlgan xodimlarning oʻquv-amaliy koʻnikmalarini yanada oshirish boʻyicha oʻquv yigʻini tashkil etildi.
Mashgʻulotlarning ilk kunidayoq tinglovchilarga joriy yilning 19-yanvar kuni qabul qilingan “Yoʻl harakati toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Oʻquv mashgʻulotlari davomida, axborot tushunchasi, axborot texnologiyalarining maqsadi va vazifalari, Oʻzbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish istiqbollari, yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi va uning modullari, dasturlash, dasturiy injenering, maxsus aloqa vositalari, shuningdek, bodikameralardan foydalanish tartibi hamda boshqa mavzularda IIV, oliy taʼlim dargohlari va boshqa tegishli idoralardan mutaxassislar jalb etilgan holda darslar tashkil etildi.
Mashgʻulotlar yakunida xodimlardan sinov imtihonlari qabul qilindi. Sinov natijalariga koʻra, shuningdek, oʻquv dasturi boʻyicha yetarlicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xodimlarga malaka oshirganlik haqidagi sertifikatlar topshirildi.
Ushbu oʻquv yigʻiniga hududlardan jalb etilgan xodimlar mashgʻulotlar davomida oʻzaro tajriba almashish bilan bir qatorda zarur bilim va maʼlumotlarni ham oʻzlashtirdilar. Bu esa kelgusida albatta joylarda oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatishda samarali xizmat qiladi.
IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati