Jinoyat, haqiqat va adolat. Jahl qilgan qartayadi
2024-11-21 21:00:00 / Yangiliklar
Mirzachoʻl tumanining “Bogʻbon” mahallasida yashovchi B.Q. hamda “Doʻstlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Q.Q.ning janjali ulardan birining oʻlimi bilan tugaydi, deb hech kim oʻylamagandi. Tungi soat 22:00 lar edi. Voqea ishtirokchilari dastlab bir-birini haqorat qilishdan boshlab, harakatlari mushtlashuv bilan davom etdi. Shu orada yangragan soʻkinishga chiday olmagan Q.Q. choʻntagidagi kalta qayrilma pichoqni chiqarib, raqibiga sanchdi. Koʻkrakka qadalgan tigʻ jabrlanuvchini oʻsha zahoti qulatdi...
Shifokorlar yigitning hayotini saqlab qolishga qanchalik urinishmasin, u hushiga kelmadi. Oʻsha tunning oʻzidayoq gumon qilinuvchini qoʻlga olish choralari koʻrildi. Qisqasi, aqliga emas, jahliga tayanganlardan biri hayotdan koʻz yumdi, boshqasi esa yoshlik yillarining muayyan qismini panjara ortida oʻtkazishi tayin boʻlib turibdi.
Jizzax viloyati IIB tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu jinoyat muhokamasida “Bogʻbon” va “Doʻstlik” mahallalari aholisi, yettiliklar, sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashdi.
Tadbirda shu va boshqa jinoyatlarni keltirib chiqargan sabab va omillarga toʻxtalindi. Jumladan, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish, ichkilikbozlikning oldini olish, joylarda profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, bandlikni taʼminlash, spirtli ichimliklarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyish borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga ahamiyat berildi.
Muhokama davomida tumanda sodir qilingan jinoyatlar mahallalar kesimida tahlil qilindi. Bundan tashqari, tumanda yuz bergan yoʻl transport hodisalari haqida soʻz yuritilib, mavzuga oid videolavhalar namoyish qilindi. Oʻz navbatida, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda oʻrta umumtaʼlim maktablarida, shuningdek, ota-onalar tomonidan bolalarning yoʻl harakati xavfsizligiga oid bilimlarini oshirish, voyaga yetmaganlarni eʼtiborsiz qoldirmaslik yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
©️ “Postda” gazetasi, Alijon Abdusattorov, Jizzax viloyat