Tungi reyd. Qonunbuzarliklarga barham berib
2024-11-18 21:00:00 / Yangiliklar
Chiroqchi tumanida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida hamkorlikdagi tungi reyd tadbiri oʻtkazildi.
Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa hamkor tashkilotlar xodimlariga yoʻriqnoma oʻtkazilgach, tungi xizmatga kirishildi. Dastlab tuman markazida joylashgan qator kompyuter oʻyinxonalari koʻzdan kechirildi.
Bu jarayonda 8 nafar voyaga yetmagan ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarsiz kompyuterxonalarda borligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, tungi vaqtlarda tuman markazida bemaqsad yurgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Probatsiya xizmati xodimlari tomonidan bir nafar shaxs yashash uyida yoʻqligi aniqlanib, u ketgan manzilidan olib kelinib, ogohlantirildi.
Reyd tadbiri davomida “Boʻronjuz” mahallasida yashovchi fuqaro oʻzining “Nexia-3” rusumli avtomashinasini spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda boshqarib yurgani, “Chiroqchi” mahallasida istiqomat qiladigan boshqa bir haydovchi esa “Nexia-1” avtoulovini qayta jihozlagani maʼlum boʻldi.
Avtomashinalar jarima maydonchasidan joy oldi. Qoidabuzar haydovchilarga nisbatan bayonnomalar tuzildi.
Shu kuni tuman IIB sohaviy xizmatlari xodimlari tomonidan koʻcha va jamoat joylarida bemaqsad yurgan, shubha uygʻotgan, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlgan 9 kishi ichki ishlar boʻlimiga olib kelindi.
Bundan tashqari, tungi vaqtda qarovsiz qoldirilgan 4 ta buyum oʻz egalariga topshirildi.
©️ “Postda” gazetasi, S.Toʻxtayev. Qashqadaryo viloyati.