Yoshlar — kelajak bunyodkori. Hamisha eʼtibordagi masala
2024-11-15 20:00:00 / Yangiliklar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIVning rahbar xodimlariga 3-sektor hududida yashovchi 50 ming nafardan ziyod yoshlar biriktirilgan.
Taʼkidlash kerakki, ushbu tizimni yoʻlga qoʻyishdan asosiy maqsad — otaliqqa olingan yoshlarning muammolarini hal etish, ularni qoʻllab-quvvatlash va ish bilan taʼminlash chora-tadbirlarini manzilli tashkil etishdan iborat, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX HPB boshligʻi, podpolkovnik Rustem Eshimbetov.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida joylarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollar tinglandi, qiynayotgan muammolar oʻrganildi. Soʻrovnomalar asosida koʻngliga tukkan niyatlari, orzu-istaklari, takliflari aniqlandi.
Sohaviy xizmatlar rahbarlari oʻzlariga biriktirilgan uyushmagan yoshlar oʻrtasida profilaktik ishlarni tashkil etish, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga masʼul hisoblanadi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlarni Nukus shahri misolida olib qaraydigan boʻlsak, yaqinda shahardagi 32-sonli umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchilari uchun “Vatanparvarlik karvoni” sayohati tashkil etildi.
Dastlab ular Oʻzbekiston Respublikasi IIVning Nukusdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida boʻlib, bu yerda yaratilgan sharoitlar, taʼlim-tarbiya jarayoni va oʻquvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati bilan tanishishdi.
Shundan soʻng Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hududida tashkil etilgan muzeyda boʻlib, turli davrlardagi tarixiy voqealar, qurol-aslahalar, ayni kunda Vatan himoyachilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, milliy armiyamiz qudratini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida atroflicha tasavvur hosil qilishdi.
Shuningdek, oʻrganishlar davomida yashash sharoiti inobatga olingan holda M.Djubanishev, Sh.Islamov, B.Shamekov, B.Turkmenbayevlarga bir marotabalik yordam pullari topshirildi.
Oʻtkazilgan uchrashuvlardan birida S.Sabirova va I.Jarilkasimov oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun koʻmak zarurligini bildirishdi.
Ularga subsidiya orqali kerakli asbob-uskunalar olishi uchun Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasiga taklif kiritildi.
Hozirda ular tadbirkorlik faoliyatini yolga qoʻyishga muvaffaq boʻlishdi.
Bandlikni taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan choralar ham oʻz natijasini beryapti. Uyushmagan yoshlarning 6 nafariga ishga joylashish uchun yollanmalar taqdim etildi.
Yana 3 nafarining safarbarlik chaqiruvi rezervining badali toʻlab berildi. Bundan tashqari, otaliqqa olingan yoshlardan S.Zaripbayevaning yashash xonadoni taʼmirlanib, M.Asqarovaga yangi uy qurib berildi.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, joylarda yuqoridagi kabi xayrli ishlarining amalga oshirilayotgani yoshlar masalasi hamisha davlatimiz eʼtibordaligini yana bir bor isbotlaydi.
Bu, oʻz navbatida, kelajagimiz bunyodkorlarida ertangi kunga boʻlgan ishonchni mustahkamlab, ulkan maqsadlar sari intilishga undaydi.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Pirniyazov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi.