Muammo, mulohaza: Qoidalarga bepisandlik oqibati
2024-11-14 11:10:00 / Yangiliklar
Kishilik jamiyati maʼlum bir tartib-qoidalarga asoslanadi. Tartib-qoidalar insoniyatning tinch, xotirjam va farovon yashashiga xizmat qilib, jamiyatning mavjudligi va barqarorligini taʼminlaydi. Aksincha holatda esa, turli koʻngilsiz, hatto ayanchli hodisalar yuz beraveradi.
Qarshi tumani “Xitoykenti” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi fuqaro T.S. amaldagi qoidalarga rioya etganida, baxtsiz hodisa sababchisiga aylanmagan boʻlardi. Gap shundaki, u oʻzining “Spark” rusumli avtomobilini “Qarshi — Beshkent” avtomobil yoʻlida boshqarib ketayotib, “Mirmiron” mahallasi hududidan oʻtgan qismiga kelganida yoʻlni kesib oʻtayotgan piyodani urib yuboradi. Natijada jabrlanuvchi A.B. ogʻir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqiziladi. Afsuski, shifokorlar tomonidan tibbiy muolaja koʻrsatilishiga qaramay, u bu yorugʻ olamni erta tark etadi.
Surishtiruvlar natijasida maʼlum boʻlishicha, haydovchi T.S. noxush hodisa roʻy berishidan oldin yoʻlda harakat serqatnovligini, harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olmagan holda belgilangan tezlikni meʼyoridan oshirgan. Bu yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik ogʻir oqibatlarga olib kelishini tasdiqlaydigan yaqqol dalildir.
Shu oʻrinda bir mulohaza. Koʻpincha koʻngilsiz voqealarga guvoh boʻlganimizda yoqamizga tuflaymiz, yoʻl tasodiflarga toʻla, deya oʻzimizga taskin beramiz. Titragan lablarimizdan har kimni Yaratganning oʻzi asrasin, degan iltijolar yangraydi. Oradan birmuncha fursat oʻtgach esa, yana tirikchilikning hech qachon tugamaydigan yumushlariga oʻralashib, koʻrgan-kechirganlarimizni tamomila unutamiz. Vaholanki, koʻchaga chiqishdan oldin uyimizga sogʻ-omon, tinch qaytib kelishni niyat qilish bilangina cheklanmay, doimo mavjud tartib-taomillarga, ayniqsa, amaldagi yoʻl harakati qoidalariga rioya etadigan boʻlsak, yuqoridagi kabi mudhish falokatlar umuman yuz bermaydi. Oxir-oqibat afsus-pushaymonda qolmaslik uchun ana shu haqiqatni tan olib yashaylik, qoidalarga aslo bepisand boʻlmaylik.
Jamshid TASHKENTOV, kapitan.
Qashqadaryo viloyati.