IIV Akademiyasida Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-11-07 09:00:00 / Yangiliklar
Magistratura tinglovchilari uchun tashkil qilingan tadbirda bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz bordi.
Bolalar ombudsmani dastavval sohaga oid xalqaro normalar va mamlakatimiz qonunchiligining muhim jihatlariga toʻxtaldi. Yurtimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan izchil islohotlar jarayonida bolalarga gʻamxoʻrlik qilish, ularni qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini taʼminlash tizimi yanada takomillashtirilgani eʼtirof etildi.
Keyingi yillarda bu boradagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berildi. Prezidentimizning qarori asosida Bolalar ombudsmani instituti samarali joriy qilindi. Yangilangan Konstitutsiyamizda bolalar masalasiga ustuvorlik berilib, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi qatʼiy mustahkamlandi. Albatta, bolalar huquqlarini kafolatlashga qaratilgan bu saʼy-harakatlar oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatmoqda, – dedi Surayyo Rahmonova.
Shuningdek, tadbirda bolalar huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq holatlarga ham eʼtibor qaratildi. Amaldagi qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan bolalarga nisbatan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik tarzidagi qilmishlar uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangani taʼkidlandi.
Ochiq muloqot davomida shu va boshqa masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati