Navoiy viloyatida “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy platformasi ishga tushirildi
2024-11-03 10:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bugungi kunda IIVning Xavfsiz shahar markazi, Navoiy viloyati hokimligi va Navoiy viloyati IIB bilan hamkorlikda joylarda “Raqamli xavfsiz shahar” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Dastur loyihalariga muvofiq, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini server qurilmalari bilan jihozlash, kriminogen jihatidan ogʻir hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha jami 403 ta, shahar va tumanlarga kirish-chiqish obyektlariga jami 34 ta transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlovchi, yoʻl harakati qoidabuzarliklarini foto-video qayd etuvchi avtomatlashtirilgan tizimi uchun jami 35 ta intellektual videokuzatuv kameralarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
Hozirda server qurilmalari uchun tashqi elektr va maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari tashkil etilib, asosiy maʼlumotlarni qayta ishlovchi intellektual server qurilmalarida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi test rejimida ishga tushirildi.
Bugungi kunda Nurota tumani Aydarkoʻl suv havzasi atrofidagi obyektlarga intellektual videokuzatuv tizimini joriy etish, hududlarga kirish-chiqish, yoʻlaklar va suv havzasi atroflariga jami 30 ta intellektual videokuzatuv kameralarini obyektlarda oʻrnatilib ishga tushirish choralari koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, Navoiy shahar chorrahalariga oʻrnatilgan 13 ta tadbirkorlarning yoʻl harakati qoidabuzarliklarini foto-video qayd etuvchi avtomatlashtirilgan tizim qurilmalari platformaga integratsiya qilindi.
Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi