“25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi
2024-11-02 14:55:00 / Yangiliklar
Yangi Oʻzbekistonda “Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga tayangan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning kafolati boʻla oladigan, sodiq, yuksak bilim va professional koʻnikmalarga ega vatanparvar kadrlarni oʻzida jamlagan, ichki ishlar organlari ham gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi. Ayniqsa, keyingi sakkiz yilda Prezidentimiz rahbarligida tizimda puxta oʻylangan va keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Shu jumladan Transport va turizm obyektlarida tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdek olijanob vazifaga oʻz hayotini bagʻishlab kelayotgan Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentining bir guruh xodimlarini taqdirlash yuzasidan, maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlanib, soʻng vazir oʻrinbosari general-mayor Baxodir Yuldashevich Mirzaraximov tomonidan Ichki ishlar vazirining “25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.
Soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan mukofotlangan Namangan viloyati transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Xidirov Yusufjon Ilxomjonovichga vazir oʻrinbosari tomonidan “Shuhrat” medali davra markazida topshirildi.
Shuningdek, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti markaziy apparati hamda hududiy boshqarma va boʻlinmalarining bir guruh xodimlariga Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan, bir nafar “Tezkor xizmat aʼlochisi”, ikki nafar xodimga “Aʼlo xizmatlari uchun”, ikki nafar xodimga 1-darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, toʻrt nafar xodimga 2-darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, ikki nafar xodimga 3-darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, hamda olti nafar xodimga Ichki ishlar vazirining “Faxriy yorligʻi”, esdalik qoʻl soati, qimmatbaho kitoblar toʻplami va pul mukofotlari, Ipotekaga olingan uy-joyning 25% miqdorida boshlangʻich summasi 25 nafar xodimlarga tantanali ravishda topshirilib, vazir oʻrinbosari tomonidan yosh avlodni Vatanga sadoqat ruxida tarbiyalash, huquq-tartibotni taʼminlash borasida hamkasblari orasida alohida oʻrnak boʻlib kelayotgan 15 nafar xodimlarga “Tashakkurnoma” topshirildi.
Hamkorlik borasida olib borayotgan samarali mehnatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Transport Prokurori tomonidan 7 nafar xodim, “Temir yul ekspress“ AJ tomonidan 6 nafar xodim ragʻbatlantirildi.
Tadbir davomida, “25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan yosh xodimlarga oʻzlarining qimmatli maslahat va oʻgitlarini berib kelayotgan faxriylar kengashi aʼzolariga vazir oʻrinbosari tomonidan “Tashakkurnoma” va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi